Soliqqa oid qoidabuzarlikni xabar qilganga 20 foiz mukofot beriladi
Jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish maqsadida fuqarolar bir qator huquqbuzarliklar to‘g‘risida davlat organlariga xabar bergani uchun qonunchilikda mukofot puli to‘lash nazarda tutilgan.
Mazkur tartib-taomillarning ayrimlari bilan quyida tanishish mumkin:
Yo‘l harakati qoidalari buzilishiga oid huquqbuzarliklar
Yo‘l harakati qoidalariga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ejarima portali orqali xabar beriladi va xabar bergan shaxsga bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi miqdorida mukofot beriladi.
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlik holatlari aks ettirilgan videoyozuvlarni yuborgan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi videoyozuvlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yodda tuting: jismoniy va yuridik shaxslarning avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan huquqbuzarlik holatlari aks etgan videoyozuvlar maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar holatlari qayd etilgan videoyozuvlarga tenglashtiriladi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Daraxt va butalarni noqonuniy kesish va shikastlashga oid huquqbuzarliklar
Daraxtlar, butalar, boshqa o‘simliklar va nihollarni noqonuniy kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tqazish bo‘yicha huquqbuzarliklar haqidagi fotosurat va videoyozuvlar "Ekonazorat" portaliga yuborilganida bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida mukofot beriladi.
Bunda, huquqbuzarlik tegishli organlar tomonidan bevosita aniqlangandan so‘ng kelib tushgan xabarlar bo‘yicha rag‘batlantirish amalga oshirilmaydi.
Bundan tashqari, huquqbuzarlik holatlari to‘g‘risidagi xabarlar «102» tezkor qisqa raqami yoki «Ekonazorat» axborot tizimi orqali qabul qilinishi belgilangan.
Korrupsiyaga oid jinoyatlar
Korrupsiyaga oid huquqbuzarlik to‘g‘risida Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga xabar beriladi, huquqbuzarlik turidan kelib chiqib bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravarigacha mukofot beriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 31 dekabrdagi 829-son qaroriga ko‘ra, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik haqida xabar bergan yoki korrupsiyaga qarshi kurashishga boshqa tarzda ko‘maklashgan shaxslar quyidagi miqdordagi bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
a) korrupsiyaga oid ma’muriy huquqbuzarlik haqida berilgan xabar uchun — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida;
b) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravarigacha bo‘lsa:
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida;
uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida;
og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida;
o‘ta og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida;
v) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining o‘ttiz baravaridan yuz baravarigacha bo‘lsa:
ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida;
uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravari miqdorida;
og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida;
o‘ta og‘ir jinoyat uchun — bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida;
g) pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ko‘p bo‘lsa, quyidagi foiz hisobida hisoblanadi:
ancha miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining o‘n besh foizi miqdorida;
ko‘p yoki juda ko‘p miqdor uchun — pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatining o‘n foizi miqdorida.
Bunda pora summasi yoki yetkazilgan zarar yoxud o‘zlashtirilayotgan (o‘zlashtirilgan) mulk qiymatini foizlarda hisoblashda qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorning eng kam miqdoridan kelib chiqiladi;
d) qidiruvda bo‘lgan shaxsning yashiringan joyi haqida xabar berganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari, ikki yoki undan ortiq qidiruvda bo‘lgan shaxslarning yashiringan joyi haqida bir vaqtda xabar berganligi uchun esa — bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari miqdorida.
Chek bermasdan savdo qilishga oid huquqbuzarliklar
Nazorat-kassa texnikasini va hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzganlik, naqd pul mablag‘lari yoki plastik kartochkalar bo‘yicha to‘lov shakliga qarab narxlarni sun’iy ravishda oshirganlik yoki pasaytirganlik, tadbirkorlik faoliyatini davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik, shuningdek, identifikatsiya qilish vositalari bilan majburiy raqamli markirovka qilish nazarda tutilgan mahsulotlarda qalbaki markirovka qo‘llanilganlik yoki markirovka mavjud emasligi to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga jarima miqdorining 20 foizi miqdorida mukofot beriladi.
Mukofot ma’lumot asosida o‘tkazilgan tekshirish yakuniga ko‘ra huquqbuzarlardan undirilgan jarima summasidan to‘lanadi.
Ushbu huquqbuzarliklar haqida «Soliq» mobil ilovasi orqali xabar berish mumkin.
Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olishga oid huquqbuzarliklar
Yerni o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari to‘g‘risida Kadastr agentligi va uning hududiy tuzilmalariga ma’lumot bergan shaxslar, bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizi miqdorida pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Jamoatchilik nazorati sub’yektlari tomonidan maxsus vakolatli davlat organiga taqdim qilingan yerga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi videoyozuvlarda sodir etilgan huquqbuzarlik holati, huquqbuzar shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniq aks ettirilishi hamda quyidagi talablarga mos bo‘lishi kerak:
videofaylning namoyish etish imkoniyati 720x480 pikseldan kam bo‘lmasligi;
videoyozuv davomiyligi 30 sekunddan kam bo‘lmasligi va 10 daqiqadan oshmasligi;
videoyozuv ma’lumotlarida sana va vaqt ko‘rsatilishi.
Rag‘batlantirish fuqaroning uyali telefon raqami hisobiga yoki bank plastik kartasiga, yuridik shaxsning esa bankdagi hisobvarag‘iga maxsus vakolatli davlat organining byudjetdan tashqari jamg‘armasi hisobvarag‘iga o‘tkazilgan mablag‘lar hisobidan pul o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Yoqubjon Marqayev tayyorladi.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.