Soqolli yigitni kuch bilan IIBga olib borgan xodimning lavozimi pasaytirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahrida ichki ishlar bo‘limi xodimi soqol qo‘ygan yigitni zo‘rlik bilan olib ketgani haqida xabarlar tarqaldi.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi mazkur holat bo‘yicha Qashqadaryo viloyati IIB tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalarini e’lon qildi.

Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 31 oktyabr kuni Qashqadaryo viloyati IIB post-patrul va jamoat tartibini saqlash bo‘linmasi xodimi serjant X.Normurodov belgilangan taqsimotga asosan Qarshi shahridagi “Oqtepa fayz baraka” savdo majmuasi (xalq orasida “Orzu bozori” deb nomlanadi) hududida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida xizmatga jalb etilgan.

Xizmat jarayonida, savdo majmuasi hududida noqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanganligiga gumon qilib, Kasbi tumanida yashovchi, 1993 yilda tug‘ilgan F.Axadovni huquqbuzarlik sodir etmasligi to‘g‘risida og‘zaki ravishda ogohlantirib, ushbu joyni tark etishi xaqida talab qo‘ygan. O‘z navbatida, F.Axadov xodimning so‘zlariga bepisandlik qilganligi oqibatida ular o‘rtasida tortishuv yuzaga kelgan. Shundan so‘ng X.Normurodov fuqaroni shaxsini aniqlash maqsadida uni bozor hududidagi tayanch punktiga olib borish uchun patrul avtomashinasiga mindirmoqchi bo‘lganida F.Axadov qarshilik ko‘rsatgan. Aynan mana shu holat videotasvirda aks ettirilgan.

X.Normurodov fuqaro F.Axadovni huquqbuzarlarni olib yurish uchun mo‘ljallangan avtomashinaning orqa qismiga mindirib, ichki ishlar organlari tayanch punktiga olib borgan. U yerda X.Normurodov F.Axadovning xatti-harakatlari noo‘rinligini, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunishi uning burchi ekanligini tushuntirgan. Shundan so‘ng F.Axadov X.Normurodovdan uzr so‘rab, boshqa bunday holat qaytarilmasligini ta’kidlagan. X.Normurodov o‘z navbatida, fuqaroni og‘zaki ogohlantirish bilan cheklanib, huquqbuzarlik holatini xujjatlashtirmasdan F.Axadovga javob berganligi ma’lum bo‘ldi.

Tekshiruv jarayonida X.Normurodov fuqaro F.Axadovning ismini bilmaganligi sababli uning soqol qo‘yib olganligi uchun unga nisbatan “soqoltoy” deb murojaat qilganligi, diniy e’tiqodi bo‘yicha tahqirlash mazmunida biror bir gap aytmaganligi, fuqaro F.Ahadov ham buni tasdiqlayotganligi aniqlangan.

Xulosaga ko‘ra, X.Normurodov fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasb madaniyati tamoyillarini buzganligi, o‘zining xatti-harakatlari tufayli keng jamoatchilikda ichki ishlar organlarining faoliyatiga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sabab bo‘lganligini inobatga olib, intizomiy jazo sifatida lavozimidan chetlatilib, quyi tizimga tushirilgan.