Sotib olgan mahsulotingiz uchun xarid cheki olishni unutmang!
Har birimiz kunlik ehtiyojimizdan kelib chiqib nimadir xarid qilamiz. To‘lovni naqd pul yoki bank plastik kartasi orqali amalga oshiramiz. Lekin ko‘pchiligimiz xarid chekini olishni unutamiz.
Xo‘sh, xarid cheki nima uchun zarur? Misol uchun, do‘kondan 100 ming so‘mga mahsulot xarid qildingiz. Xarid chekini talab qilmaganligingiz sababli “tadbirkor” 4 ming so‘m (4 foiz) yagona soliq to‘lovini yashirishga erishadi. Endi tasavvur qiling, bir kunda qancha xaridorlarga, necha so‘mlik xarid cheklar berilmaydi va qancha soliqlar yashiriladi?
Ha aytganday, Siz ushbu olinmagan chek orqali olgan mahsulotingizga nisbatan e’tirozingiz bo‘lsa yoki sifatsiz chiqsa almashtirib olish imkonini ham yo‘qotgan bo‘lasiz. Xarid chekini talab qilish orqali esa byudjetga tushumlarning yanada oshishini ta’minlab, yashirin iqtisodiyotning oldini olasiz.
Shunday ekan, ozgina vaqtingizni qizg‘anmay xarid chekini berishni talab qilsangiz, sizdan keyin turgan xaridor ham sizga ergashadi. Xarid chekini olganingizdan so‘ng, Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilayotgan yutuqli o‘yinda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tkazing (Ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida quyidagi havola orqali batafsil tanishishingiz mumkin: https://soliq.uz/press-services/news/show/yutuqli-chek-oyinlari-).
Joriy yil yanvar oyida o‘tkazilgan tirajda payariqlik Izzatulla Rahmonov velosiped, fevral oyidagi tirajda Samarqand shahridan Azamat Hamroqulov mobil telefon, Amirjon Shahobiddinov 2 million so‘m pul yutug‘iga ega bo‘ldi.
Navbatdagi turda aynan Siz ro‘yxatdan o‘tkazgan xarid cheki “Spark” avtomobili egasiga aylantirar. Xarid cheki olishni unutmang!
Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati.