Sozini sozlaydi "Sharq taronasi"
Sozini sozlaydi "Sharq taronasi",
Qadim Samarqandda bazm, tantana....
Olamni tutadi nog‘ora sasi,
Zamin bulbullari jamul-jam yana.
Davraboshi erur hur O‘zbekiston,
Himmatdan bel bog‘lab, chorlar to‘riga.
Davraga tushadi mehmonu mezbon,
Lekin uloq tegar zo‘rning zo‘riga!
Torlarin sayratar arabu ajam,
Bulbullar sasidan entikar samo.
Olamga yoyilar jonbaxsh bir tam-tam,
Yeru ko‘k nafasin yutadi tamom.
O‘yinga tushar oy, kuladi osmon.
Yulduzlar ham raqsga tushar qo‘shilib.
Shamollar tovusday aylar xiromon,
Yeru ko‘kni o‘pib, nurday eshilib.
Uyqudan uyg‘onar ruhlar ham hatto,
Parqu qanotlarga aylanar qo‘llar,
Masehi Isoday jon etar ato,
Sozlarga jo‘r bo‘lib kuylagan dillar.
Yuraklarni o‘rtar ozar mug‘omi,
Vujuding allalar qo‘biz, do‘mbira.
Va yodingga solar urush payg‘omin,
Ko‘z oldingga kelar, dahshatlar... xira...
Falastin osmoni yig‘laydi yum-yum,
Bir poy kovushchalar uyg‘onar kuydan.
Yo‘qolgan egasin axtaradi jim,
Oyoqchalar yotar uzilgan, kuygan...
Yonar Ukraina bug‘doyzorlari,
Alanga oladi oltin rang sochlar.
Tutunmas, bag‘ridan o‘rlar zorlari,
Bir-birin mavh etar og‘a-in xochlar...
Qo‘shiqlar begona tosh yuraklarga,
Mehrsiz diydalar bilmaydi shafqat,
Nafslari o‘rgangan oltinga, zarga,
Istagi shon-shuhrat, boylikdir faqat...
Mug‘anniy balandroq chalgil sozingni,
Har yurakka yetsin hayotning toti,
Ezgulikka esh qil hur ovozingni,
Lug‘atlardan o‘chsin urushning oti...
Shahodat ISAXONOVA.
****
Boqiy bo‘lsin xush taronalar
Bu chamanga qushlar xonish istab kelgay,
Ishqqa tashna dillar yonish istab kelgay,
Karvon tortib ilmi donish istab kelgay,
Yurtim, senga adl, ko‘rkam bo‘y muborak,
Samarqandda chin sharqona to‘y muborak!
Azal-abad ko‘hna sharqning beshigi - sen,
Dunyo bilar, ezgulikning eshigi - sen,
Hur elimning eng muqaddas qo‘shig‘i - sen,
Yurtim, senga yulduzlar ham yaqin bugun,
Dillashgani kelmish baxshi-oqin bugun!
Navo ichra Navoiydan sado keldi,
Tanburga jo‘r bo‘lib Hinddan sato keldi,
Shoh Boburning orzulari ado keldi,
Yetti iqlim bag‘ringda bir eldir, yana,
Ne tong, olam baxt kuyidan seldir, yana!
Ko‘k chayqalur - har nolani uqqan kabi,
Ko‘zlar yonur - Quyosh Sharqdan chiqqan kabi,
Dilda g‘urur - ming raqibni yiqqan kabi -
Qayda nur bor - kelgusidir parvonalar,
Boqiy bo‘lsin yurtimda xush taronalar!
Zarifa ERALIYeVA.