Sport muassasalarida byudjet mablag‘lari turli yo‘llar bilan talon-toroj qilingani aniqlandi
Bosh prokuratura 2019-2021 yillarda O‘zbekiston sportiga ajratilgan byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi o‘rganilganini va o‘rganish jarayonida ko‘plab talon-torojliklar aniqlanganini ma’lum qildi.
Unda 464 ta sport muassasalarida jami 27 mlrd. so‘m zarar aniqlanib, uning 10 mlrd. so‘mi undirilgan. Byudjet mablag‘lari turli yo‘llar bilan talon-toroj qilingan.
Birinchidan, hududiy sport muassasalari tomonidan 20 holatda 8 mlrd. so‘mlik mablag‘lar ish haqi va boshqa to‘lovlar sifatida o‘zlashtirib olingan.
Misol uchun, Farg‘ona olimpiya zaxiralari kolleji bosh hisobchisi jami 4,3 mlrd. so‘m mablag‘ni o‘ziga ish haqi sifatida olib, talon-toroj qilgan.
Ikkinchidan, sport muassasalarini qurish-ta’mirlash ishlarida 25 holatda 10 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.
Uchinchidan, sport-ta’lim muassasalarini joriy ta’mirlash uchun o‘tkazilgan tanlovlarda 72 ta korrupsiyaviy holatlarga yo‘l qo‘yilgan.
Masalan, Buxoro olimpiya zaxiralari kollejini joriy ta’mirlash uchun tanlovda ta’sischisi B.Q. bo‘lgan 4 ta korxona qatnashib, ularning bittasi g‘olib deb topilgan.
To‘rtinchidan, sport jihozlari 8 holatda 4,2 mlrd. so‘mga qimmat narxlarda sotib olinib, mablag‘lari talon-toroj qilingan.
Beshinchidan, o‘tkazilmagan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari o‘tkazilganligi haqida 10 holatda hujjatlar soxtalashtirilib, 4,3 mlrd. so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.
Qonunbuzilish holatlari yuzasidan 1 150 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanilgan, 431 nafar shaxsning buzilgan huquqi tiklangan hamda 66 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.