SSV: 107 nafar bemor sog‘aydi. Bu esa qolgan bemorlarning ham shifo topishiga ishonch uyg‘otmoqda

Avval xabar qilganimizdek, koronavirus pandemiyasi dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgan bir paytda, yurtimizda ushbu infeksiya tarqalishining oldini olish borasida tezkor va qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog‘ayib ketishlari uchun jonkuyarlik bilan kurashmoqda.

Bugun fidoyi shifokorlarimiz sa’y-harakati tufayli poytaxtimizdagi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlardan yana 8 nafari butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas’ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Sog‘aygan bemorlarning 4 nafari erkak, 4 nafari ayollardir. Ulardan 6 nafari Toshkent shahridan, 2 nafari Toshkent viloyatidan. Bemorlardan ikki nafari Turkiyadan, yana bir nafari esa Rossiyadan Toshkentga charter reysi bilan kelishgan. Qolgan besh nafari koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Ular orasida eng yoshi kattasi 51 yoshda, eng kichigi esa 10 yoshda. Samarali davolash muolajalaridan keyin so‘nggi tekshiruvlar ularda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Ularning shifo topishida mazkur klinika jamoasi birdamligi, mahorati va tajribasi hal qiluvchi rol o‘ynaganini alohida ta’kidlash lozim. E’tiborli jihati, mazkur klinikada shu paytga qadar 56 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 64 nafarga yetdi.

Har bir shifo topgan bemor quvonchidan, minnatdorligidan kuch olib, ruhlanib, bor tajriba va mahoratini ishga solishayotgan shifokorlarimiz qahramonligi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning navbatma-navbat sog‘ayishini ta’minlamoqda.

Ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan jami 107 nafar bemor to‘liq sog‘aydi. Bu esa qolgan bemorlarning ham shifo topishiga ishonch uyg‘otmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.