SSV fuqarolarni karantin qoidalari yumshatilgani tufayli xotirjamlikka berilmaslikka chaqirdi
Sog‘liqni saqlash vazirligi bugun ko‘cha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilmasdan, beparvolik bilan, o‘zaro masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini qo‘pollik bilan buzish holatlari ko‘payib borayotganidan xavotir bildirmoqda.
“Hali davosi topilmagan, keyinchalik qanday asoratlar qoldirishi, yuqtirilgandan so‘ng yana qaytalanmasligi shubha ostida bo‘lgan, qarshisida butun dunyo tibbiyoti ojiz turgan kasallikka qarshi yagona samarali chora hisoblangan sanitariya qoidalariga amal qilmaslik, tibbiyot niqoblarni taqmaslik uchun qanchalik beparvo bo‘lish kerak?!”, deyiladi vazirlikning fuqarolarga murojaatida.
Dunyo tajribasida ko‘rinmoqdaki, har qanday cheklovdan ko‘ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusning oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolmoqda.
“Misol uchun, 33 millionga yaqin aholisi bo‘lgan Malayziyada avgust oyida kasallanish holati 355 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, sentyabrning dastlabki haftasi davomida bor-yo‘g‘i 37 nafarni tashkil etgan, xolos. Bunda aholining ongli ravishda hukumat va shifokorlarning tavsiyalarini so‘zsiz bajarishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ularda karantin tugaganiga qaramay, jamoat joylarida haliyam masofa saqlash, niqob taqish, maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik, katta tadbirlar o‘tkazmaslik odatga aylandi”, deyiladi murojaatda.
SSV karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi zarurligini ta’kidlagan:
"Hurmatli vatandoshlar! Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bundan keyin pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Ayni paytda o‘z salomatligingizni asrashingiz, avvalo, o‘zingiz, so‘ngra tibbiyot xodimlari va mamlakatimiz uchun qilgan eng katta xizmatingizdir. Oilangiz va farzandlaringiz hayotiga befarq bo‘lmang, yaqinlaringizning dard chekishiga sababchi bo‘lib qolmang".