SSV: O‘zbekistonda 96 mingdan ziyod fuqaro saratonga chalingan

Vengriya poytaxti Budapesht shahrida Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining onkologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabariga ko‘ra, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Vengriya hukumati va Vengriya inson resurslari vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Yevropa mintaqaviy byurosiga a’zo 53 mamlakatidan 200 nafarga yaqin vakil qatnashmoqda.

"Konferensiyaning ochilishida ta’kidlanganidek, dunyoda saraton kasalligi ko‘payib bormoqda. Buning yaqqol dalili, har yili 15 million nafarga yaqin insonda ushbu xastalik belgilari kuzatiladi va o‘lim darajasi 9 million nafardan oshadi. Bunga aholining o‘sishi bilan bir qatorda, atmosferaning konserogen moddalar bilan o‘tkir ifloslanishi, geni o‘zgartirilgan, jumladan, tabiiy bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari iste’molining ko‘payishi, jismoniy faollikning kamayishi kabi omillarni misol sifatida keltirish mumkin. Shu bois saraton xastaligi dunyo bo‘ylab jiddiy ijtimoiy muammolardan biriga aylandi. Shu bilan birga onkologik kasalliklarning “yosharayotgani” ham jiddiy muammo bo‘lib, o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha yurak-qon tomir tizimi kasalliklaridan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.

Afsuski, ushbu yo‘nalish O‘zbekiston uchun ham dolzarb. Mamlakatimizda hozirda 96 ming nafardan ziyod fuqaroda saraton kasalligi qayd etilgan. Har yili 20 ming nafardan ortiq saraton kasalligi tashxisi qo‘yilmoqda. Bunda ko‘krak bezi saratoni birinchi, oshqozon saratoni ikkinchi, bachadon bo‘yni saratoni uchincha o‘rinda turadi.

Yurtimizda, afsuski, saraton kasalliklarining yarmidan ko‘pi kech bosqichlarda aniqlanadi. Masalan, 2015 yilda bemorlarning 50,9 foizi kasallikning III-IV bosqichlarida aniqlangan. Kasallikning kechki bosqichlarda aniqlanishining birinchi sababi aholining onkologik bilimi yetarli emasligi sababli shifokorlarga vaqtida murojaat qilmasligi bo‘lsa, ikkinchi tarafdan birlamchi va boshqa soha shifokorlarining onkologik ehtiyotkorligi pastligi sababli vaqtida tashxis qo‘ya olmasliklaridir.

Shu kabi dolzarb muammolarni hal qilish uchun mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan onkologik yordam ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, aholining barcha qatlamini qamrab olish tizimini shakllantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Sohani yanada rivojlantirish maqsadida xalqaro tashkilotlar va yetakchi klinikalar bilan yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va xorijning yetuk mutaxassislari bilan muntazam tajriba almashishga alohida ahamiyat berilmoqda. Mamlakatimiz delegatsiyasining ushbu nufuzli tadbirda ishtiroki ham xalqaro hamkorlik yo‘nalishdagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Xalqaro konferensiyada Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Lide Lazer ta’kidlaganidek, saraton bilan kurashish muammolarining yechimi turli mamlakatlar sog‘liqni saqlash tashkilotlari sa’y-harakatlarini birlashtirgan holda uyg‘un yondashuvni talab qiladi. Shuningdek, u O‘zbekistonda saraton kasalligining oldini olish borasidagi sa’y-harakatlarga alohida to‘xtalib, xususan, odam papillomasi virusiga qarshi vaksinasining davlat tomonidan joriy etilayotganini tarixiy ahamiyatga ega deya, yuksak baholadi. Bu esa kelajakda inson papilloma virusining keskin kamayishiga xizmat qilishini e’tirof etdi", - deyilgan vazirlik xabarida.