SSV: Yurtimiz shifokorlari sa’y-harakati bilan koronavirusga chalingan, og‘ir ahvoldagi 83 yoshli chiroqchilik onaxon butkul sog‘aydi

Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan xavotirli vaziyatda odamlarni quvontiradigan, bemorlarga ishonch baxsh etadigan xayrli xabarlar kundan-kunga ko‘payib bormoqda. Bunda fidoyi tibbiyot xodimlarining mardonavor sa’y-harakati muhim o‘rin tutmoqda.

Poytaxtimizdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 6 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

E’tiborli jihati, sog‘ayganlardan biri chiroqchilik , 83 yoshli onaxon bo‘lib, uning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay bilimli va yuqori malakali shifokorlarimizning sa’y-harakati hamda xalqaro standartlar asosida olib borilgan samarali davolash muolajalari tufayli butkul sog‘aydi.

Shuningdek, tuzalgan yana to‘rt nafar Toshkent shahridan bo‘lib, (50, 31 va 30 yoshli erkak hamda 57 yoshli ayol) ulardan bir nafari Rossiyadan charter reys bilan poytaxtimizga kelgan, qolgan uch nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Yana bir nafar farg‘onalik, 35 yoshli bemor ham xorijdan kelgan.

So‘nggi tekshiruv natijalari ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Mazkur klinikada shu paytga qadar 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 17 nafarga yetdi.

Ayni paytda klinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro stantdartlar asosida muolajalar olib borilmoqda. Bunda malakali pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi mutaxassislar bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalarni olinayotgani ham qo‘l kelmoqda.

Hozirgina Buxoro viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidan yana 3 nafar bemor (erkak) sog‘ayganligi haqidagi xushxabarni oldik.

Shunday qilib, ayni paytga qadar mamlakatimiz bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar bugun, avvalgi kunlarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan holda, 38 nafarga yetib, jami 194 nafarni tashkil etmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.