Subsidiya bo‘yicha tizimning yangilangani odamlarning sarson bo‘lishiga olib kelmasligi kerak
Samarqand shahri Qorasuv maskanidan murojaat qilyapman.
Subsidiya asosida ko‘plab kishilar uyli bo‘lyapti. Ammo davlat tomonidan to‘lanadigan 8 foizlik subsidiya puli markazlashgan holda respublika banklari orqali tushishi yo‘lga qo‘yilibdi.
Men ham mazkur imtiyoz, ya’ni subsidiyadan foydalanib, uy-joyga ega bo‘lganman. O‘tgan oylar davomida plastik kartamdan to‘lashim kerak bo‘lgan summadan ham ortiqcha (aslida ortiqcha emas, moliya bo‘limidan tushishi kerak bo‘lgan qismi) pulni olib qo‘ydi. “Turonbank” Samarqand filiali mutaxassislari bilan telefon orqali bog‘langanimda "Moliya bo‘limidan pulingiz oy oxirida tusharkan, shuning uchun shartnomada ko‘rsatilgan talab asosida sizning plastik kartangizdagi moliyaning puli ham yechilgan", degan javobni aytdi.
Viloyat moliya bosh boshqarmasi xodimlari "Bu respublika bilan bog‘liq, biz hech narsa qila olmaymiz, agar bizga tashlasa, kredit olgan bankingizga o‘tkazamiz", degan javob qaytarishdi.
Bir narsaga hayronman. Tushunishimcha, tizimning yangilanishi aholini sarson bo‘lishi va muammolar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan. Aslida aholiga qulaylik yaratilishi kerak bo‘lgan tizim nega "boshqacha" ishlayapti?
Bu borada tegishli mutasaddilar qandaydir bitta javob bilan vaziyatdan chiqib ketishni emas, tizimni ertaroq to‘g‘ri ishlashini ta’minlasa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Muammo faqat menga tegishli emas, bilishimcha hozir ko‘pchilik xuddi shu masalada aziyat chekyapti.
D.Ashurova.