“Subsidiya masalasi inson omilisiz hal etilmoqda, bu bo‘yicha yordam so‘rash o‘rinsiz” — viloyat hokimi
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi sayyor qabuli Payariq tumanida o‘tkazildi.
Viloyatning barcha tuman, shaharlaridan kelgan fuqarolar asosan elektr ta’minoti tizimi, transformator va simyog‘ochlar o‘rnatish, yo‘l, qurilish, davolanish, moddiy yordam, noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish, uy-joy, ishga joylashish, kredit ajratish kabi masalalarda murojaat qilishdi.
Viloyat hokimi qabul qilinmaydigan murojaatlar masalasiga ham to‘xtaldi:
- Ayrim fuqarolarimiz uy-joy olish uchun subsidiya masalasida yordam so‘rashmoqda. Bir narsani tushunishingizni istardim. Subsidiya ajratishda inson omili yo‘q. Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilinadi. Maxsus dastur asosidagina avtomatik ravishda ko‘rib chiqiladi bu masala. Agar sizning arizangiz, holatingiz belgilangan mezonlarga to‘g‘ri kelmas ekan, biz hech qanday yordam berolmaymiz. Subsidiya bo‘yicha imtiyozlarni shunga loyiq, mezonlarga mos odamlar olishi kerak.
Shuningdek, uyni ta’mirlash kabi masalalarda ham murojaatlar bo‘lmoqda. Albatta, ta’mirga, moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga yordam beramiz, homiy topamiz. Ammo, oilada boquvchisi yo‘q, daromadi bo‘lmagan kishilarga. Voyaga yetgan, ishga layoqatli, tomorqasi bo‘la turib foydalanmagan kishilarga yordam ko‘rsatib, bu narsalarga mehnat qilib, o‘z zahmati bilan erishayotganlarga hurmatsizlik qilolmaymiz - dedi viloyat rahbari.
Shuningdek, sayyor qabulga oldingi sayyor qabulda eshitilgan murojaatlar natijasi bo‘yicha ham fuqarolar keldi.
- Kattaqo‘rg‘on tumani Tog‘chinoq qishlog‘idan keldim, - deydi murojaatchilardan biri Qurbonqul Mahmudov. – Samarqand shahrida o‘tkazilgan sayyor qabulda hududimizdagi yo‘l va kommunal sohadagi kamchiliklar bilan bog‘liq bir nechta masalalar yuzasidan murojaat qilgandim. Ayni vaqtda tegishli tashkilotlar amaliy harakatlarni boshlagani sababdan kelib holatni ma’lum qilib ketyapman.