Sud 1300 dollar qarzni undirib berishga qaror qildi
Odatda shunday bo‘ladi, gohida muhtojga yordam qilish savob deb, qarz berganlar uni qaytarib olguncha, ona suti og‘ziga keladi. Eng yomoni, qarz olgan odam do‘ppi tor kelganda “pulim yo‘q, qayerga, kimga borsang-bor, senga pul bermaymayman”, deb to‘nini teskari kiyib oladi.
Shunday hollarda qarz bergan odam ilojsiz fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qiladi.
Muxlisa (ism o‘zgartirilgan) bilan ham aynan shunday bo‘lgan. U 2014 yilning may oylarida turmush o‘rtog‘i bilan juda muhtoj bo‘lib qoldim, deb kelgan Shokirga 4000 AQSh dollari beradi.
Aslida u bunday qilmasligi ham mumkin edi. Negaki, bu mablag‘ni farzandlari chet davlatda ishlab topgan edi. Biroq Muxlisaning opasi ham bir-bir yarim oyda qaytarib berar ekan, deb oraga kirgandi. Kamiga nevarasi Shokirni Samarqand shahridagi xonadonida turgan ekan. Nailoj...
Muxlisa oradan ancha vaqt o‘tganidan so‘ng Shokirga telefon qilib, olgan pulini qaytarib berishini aytganda, u tez kunda to‘g‘rilab berishini bildiradi. Biroq o‘sha kun ha, deganda kelavermaydi.
Afsuski, o‘z qo‘llari bilan qarz bergan Muxlisa Shokirning eshigini bir necha marta qoqishiga to‘g‘ri keldi. Qayta-qayta so‘rab, bir yil deganda 2000 dollar va 1,5 million so‘m pul oladi. Qolgan 1300 dollarini tez kunda beraman, deb tilxat yozib bergan Shokir uch yil Muxlisani aldab yurdi.
Muxlisa 2018 yilda Shokirning uyidan bir necha marotaba quvib chiqarilsa-da, o‘zim pishirgan osh, deb sabr qildi. Shokirni insofga kirib qolar, olgan qarzini qaytarib berar, deb umidini uzmadi. Oxirga marta uning uyiga borganida haqorat qilib, shaxsiyatiga tekkanligi sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudiga qarzni undirish haqida da’vo ariza bilan murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Sud majlisida Shokir tomonidan qarz majburiyati lozim darajada bajarilmaganligi sababli da’vo talabini qanoatlantirib, Shokirdan Muxlisa foydasiga 1 300 dollarni so‘mga nisbatan qiymatidan kelib chiqqan holda undirib berish belgilandi.
F.MUXTOROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Toyloq tumanlararo sudi sudyasi.