Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish jismoniy va yuridik shaxslarga, sud organlariga qanday yengilliklar beradi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 sentyabrdagi qaroriga binoan sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari belgilab berildi.
Umuman, o‘tgan davr mobaynida sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etildi.
Davlatimiz rahbarining mazkur qarori esa sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalarini belgilab bergani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Zero, qarorga asosan fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, endi sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvi yanada kengaytiriladi.
Bu borada maxsus axborot dasturlari joriy etilib, shu orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi ta’minlanadi.
O‘z navbatida, sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlarining axborot va kiberxavfsizligi ta’minlanib, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralar kuchaytiriladi.
Prezidentimiz qaroriga binoan 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi tasdiqlandi.
Unda 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish belgilandi.
Oradan yetti oy o‘tgach, ya’ni kelasi yilning 1 iyulidan apellyasiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash yo‘lga qo‘yiladi. Qaysiki, appelyasiya va kassatsiya instansiyalarida ham ishni taqsimlashda inson omilidan voz kechiladi.
2021 yil 1 oktyabrdan barcha ishtirokchilar sud majlislarining vaqti va joyi haqida «SMS» xabar orqali bepul asosda xabardor qilinadi.
Prezidentimiz imzolagan qarorda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali, avvalambor jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida sudga bo‘lgan ishonch hamda sarsongarchilikning oldini olish, odil sudlovni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Furqat ANAROV,
fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudi sudyasi.