Sud-tergov tizimida inson omili
Keyingi yillarda mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimida olib borilayotgan islohotlarni inson manfaatlari uchun ishlab chiqish yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining muhim sharti bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.
Mazkur jarayonlarga davlat rivojlanishining ustuvor yo‘nalishi sifatida sud-tergov tizimining ham qamrab olinishi sohaning xalq hayotiga nisbatan keng miqiyosda tatbiq etilishiga zamin yaratib bermoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 avgustdagi «Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni mazkur tizim islohotlarining sifat jihatdan yangi bosqichini boshlab berdi.
Farmon ijrosini ta’minlash, sud-tergov tizimiga oid islohotlarning shaffofligini yanada oshirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanishdek muhim masalalar yuzasidan Qo‘shrabot tumani sud organlari va prokuratura hodimlari ishtirokida seminar mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Seminarda qayd etilganidek, farmon loyihalari 2017-2021 yillarda O‘zdbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturiga muvofiq ishlab chiqildi.
Jumladan, jinoiy harakatlarning kelib chiqish sabablari, uni sodir etgan shaxs yoki shaxslar o‘rtasida turli xil nizo va kelishmovchiliklarning oldini olish maqsadida sud sohasida «Elektron jinoiy-huquqiy statistika» yagona axborot tizimining 2021 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq ishga tushirilishi jinoyatga doir ariza, xabar va boshqa ma’lumotlarning yagona elektron hisobiga o‘tishi sud va sudlanuvchilar o‘rtasidagi aloqalarning shaffofligiga sharoit yaratib beradi.
Bundan tashqari, farmonda sud-tergov tizimida shaxsning huquq va erkinliklarini oshirish yuzasidan ham bir qator loyihalar o‘z ifodasini topgan. Dunyo tajribasidan ayonki, jinoyatning sabab va oqibatlarini batafsil o‘rganmay turib, gumonlanuvchi shaxsga, avvalo, inson sifatida qarash, tergov jarayonlarini ham shu asosda olib borish, lozim bo‘lsa, jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlar, nogironligi bor shaxslar hamda nafaqa yoshidagi kishilarning ruhiy va jismoniy holatidan kelib chiqib, ularga nisbatan insoniy tamoyillar asosida odilona sud hukmini chiqarish bugungi sud-tergov tizimining kelgusidagi islohotlari o‘laroq maydonga chiqadi.
Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakatimizda sud-tergov tizimi rivojlanishining yangi bosqichiga qadam qo‘yadi. Bu esa jamiyatimizni yanada demokratlashtirish, fuqarolar va sudlar hamkorligini yanada mustahkamlash imkonini beradi.
Ilyos DONIYoROV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Oqdaryo tumani sud raisi.