Sudlanuvchi yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganligi sababli sud zalidan ozod etildi
Kecha, 21 yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi apellyasiya instansiyasida, viloyat sudi raisi o‘rinbosari O‘.Mamadaliyev raisligida, sudyalar B.Aliqulov va G‘.Negmatovlar ishtirokida navbatdagi jinoyat ishi ochiq sud majlisida muhokama qilindi.
Sudlov hay’atida 3 ta holatda 65.524.706 so‘m miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan A.Bobayarov va 2 ta holatda 36.431.799 so‘m miqdoridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan H.Bobonorovlarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Past Darg‘om tumani sudining 2019 yil 27 dekabrdagi hukmiga asosan A.Bobayarov O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilib, 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi, H.Bobonorov O‘zbekiston Respublikasi JKning 167-moddasi 2-qismi “v,g” bandlari va 209-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat kodeksining 167-moddasi 4-qismiga asosan yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmasligi belgilangan.
Jinoyat ishi apellyasiya instansiyasida sudlanuvchi A.Bobayarov va H.Bobonorovlarning shikoyatlari va prokurorning protesti asosida ko‘rilib, qilmishlariga chin ko‘ngildan pushaymonlik bildirganliklari, yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganligi sababli sudlanuvchilarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan, axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi va sudlanuvchilar qamoqdan ozod qilinib, oilasi bag‘riga qaytarildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi.