Sudlar faoliyati raqamlashtiriladi: Zarurat bormi, foyda-chi?

Bugungi kunda sudlar faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida o‘tgan davrda muayyan ishlar amalga oshirildi. Jumladan, xo‘jalik sudlarida 2014 yil 1 yanvardan elektron hujjat almashinuvi, sud statistikasini yuritish, sud amaliyotini tahlil qilish va sudlov ishlarini yuritishda protsessual muddatlardan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida markazlashtirilgan boshqaruv platformasidagi elektron ma’lumotlar bazasi (EMB) ishga tushirildi.

Mazkur EMBlar bir tomondan, sud apparatiga (sudyalar va xodimlar) ma’lumotlarni saqlash, sud hujjatlarini tuzish va chop qilish hamda protsessual muddatlardan unumli foydalanish uchun yordam bersa, ikkinchi tomondan, sud ishining to‘g‘ri, tezkor va qonuniy yuritilishini muntazam nazorat qiladi. Mazkur axborot tizimlariga, jumladan, har bir suddagi shaxsiy kabinetga alohida elektron raqamli imzo orqali kiriladi.

2018 yildan EMB jinoyat, fuqarolik ishlari bo‘yicha va ma’muriy sudlarda ham joriy qilindi.

E-XSUD va E-SUD formatlaridagi axborot tizimini Oliy sud tomonidan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, Ochiq ma’lumotlar portali (shu mumladan, barqaror rivojlanish portali), ijro hujjatlari yuzasidan qarzdorliklarni undirish masalalari bo‘yicha yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimi, elektron hukumat idoralararo integratsiyaviy platformasi bilan integratsiya qilinmoqda.

Shuningdek, sudlarni zamonaviy sud binolari bilan ta’minlash, sud majlisi xonalarini zaruriy texnik vositalar, sudlar faoliyatini yoritib boruvchi monitor va tablolar bilan jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Raqamlashtirishdan foyda bormi?

Ushbu yo‘nalishda inson omili kamayib, behuda xarajat va vaqt yo‘qotishlarning oldi olinadi. Ya’ni, davlat idoralarida ish yuritishda elektron xizmatlardan qanchalik ko‘p va samarali foydalanilsa, aholining murojaat qilishi shunchalik osonlashadi. Bunda murojaatchining vaqti tejaladi va xarajatlari kamayadi. O‘z navbatida, murojaatchi xoh u jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lsin, xoh davlat idorasi vakili bo‘lsin, murojaat qilish uchun navbatda turmaydi, kimnidir kutmaydi, turli ehtimoliy asabbuzarliklar va ovoragarchiliklarga uchramaydi.

Ikkinchidan, murojaat qilishda, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlarning o‘zaro axborot almashinuvida qog‘oz mahsulotlari sarflanishining oldi olinadi. Tuman (shahar), viloyat va butun mamlakat kesimida yoki soha va tarmoqlar kesimida kun, hafta, oy, yil bo‘yicha hisoblab ko‘rganda sarflanayotgan qog‘oz miqdori naqadar katta raqamlardan iboratligini anglash qiyin emas.

Uchinchidan, ma’lumotlar (axborotlar) bilan ish yuritishda joy tanqisligining oldi olinadi. Masalan, davlat tashkilotiga qog‘ozda yuborilgan murojaatlar va ular asosida belgilangan tartibda yuritilgan ishlar ko‘p joyni band qilishi va turli noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Agar murojaat elektron shaklda yuborilsa va davlat tashkiloti tomonidan chiqarilgan hujjatlar ham elektron shaklda yuritilsa, ularning barchasi birgina qurilmada (kompyuter va hokazo) saqlanadi. Demak, ish yuritish yanada osonlashadi va optimallashadi. Chunki ruchka, bo‘yoq, qalam, shtrix, ip va hokazolar ishlatilmaydi. Ish jildlari igna, bigiz, stepler kabi vositalar bilan tikilmaydi.

To‘rtinchidan, davlat idoralarida ish yuritishda elektron xizmatlardan, axborot telekommunikatsiyalaridan keng foydalanilishi sohaga doir protsessual muddatlar haqida ogohlantirib turadi. Masalan, iqtisodiy sudlarga murojaat qilinganda uni ko‘rib chiqish uchun qancha vaqt qolganligi, ariza sud ish yurituviga qabul qilinganda, u qachon, qayerda, soat nechada ko‘rib chiqilishi, ko‘rib bo‘lingach, qancha muddat ichida (qachongacha) tegishli sud hujjati ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilishi lozimligi axborot tizimida, ya’ni elektron ma’lumotlar bazasidan yaqqol ko‘rinib turadi.

Beshinchidan, tashkilot, muassasa va idoralarda ish yuritishda kuchli markazlashgan nazorat o‘rnatiladi, qonuniylik ta’minlanadi va ehtimoliy korrupsiyaning oldi olinadi. Buni iqtisodiy sudlar misolida ko‘rsak, tuman (shahar) sudi tomonidan olib borilayotgan ishlar, chora-tadbirlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, erishilgan yutuqlar – barchasi yuqori bo‘g‘in sudi – viloyat sudi, tuman va viloyat sudlari tomonidan olib borilayotgan ishlar Oliy sudning elektron ma’lumotlar bazasida ko‘rinib turadi.

Oltinchidan, markazlangan axborot tizimlarining joriy qilinishi barcha tashkilot va idoralar uchun o‘z tizimidagi mukammal statistikani yuritish imkonini berib, ob’yektiv va real holatni aniqlash, o‘rganib, tahlil qilish, kelgusidagi harakatlar uchun rejani ishlab chiqish uchun kerak.

Yettinchidan, tashkilot va idoralar faoliyatidagi oshkoralik darajasining yuqoriligi ham ortib boraveradi. Ma’lumki, oshkoralik har qanday tashkilotning adolatli va qonuniy faoliyat yuritishiga bo‘lgan ishonchning kafolati sanaladi.

Huquqiy asos yetarlimi?

Yaqin vaqt ichida sudlarda oshkoralikni ta’minlash va murojaatlarning qabul qilinishi hamda sud hujjatlarining ishda ishtirok etuvchi shaxslarga yuborilishini takomillashtirish borasida bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi va zaruriy texnik sharoitlar yaratildi. “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun, yangi tahrirdagi Iqtisodiy protsessual kodeksini bunga misol qilib keltirish mumkin. Mazkur hujjatlar asosida iqtisodiy sudlarda ishlarni avtomatik taqsimlash kabi qoidalar joriy qilindi.

To‘g‘ri, hali sudlar, jumladan, iqtisodiy sudlar faoliyatida zamonaviy axborot telekommunikatsiyalari, raqamli texnologiyalar to‘la-to‘kis joriy qilindi, deb bo‘lmaydi. Ochig‘i, buning uchun sudlarning axborot almashinuv tarmog‘i bugungi kun talablari darajasida modernizatsiya qilinishi kerak edi. Va, bu islohotlarning boshlanishi uchun yangi bir normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilishi va qabul qilinishi lozim edi.

Shu ma’noda Prezidentimiz tomonidan 2020 yil 3 sentyabr kuni qabul qilingan “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror tizimda islohotlarni chuqurlashtirish, zamonaviy ish uslubini joriy qilishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli.

Qarorda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlar qayd etilib, keyingi bosqichdagi vazifalari belgilandi. Muhimi, bu borada tegishli vazirlik va idoralarga zaruriy ko‘rsatmalar berilib, Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan Prezident Administratsiyasiga har chorakda axborot berib borishi ham nazarda tutilgan.

O‘ktam MURADOV,

Toyloq tumanlararo iqtisodiy sudi raisi.