Sudlarda interaktiv xizmat turlari kengaytiriladi
Aslida sud idoralarida keyingi uch-to‘rt yil ichida bir qator interaktiv xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun, Oliy sud tomonidan «E-SUD» milliy elektron sudlov axborot tizimi yaratilgan. Ushbu tizim orqali sudlarga da’vo arizasi, ariza, apellyasiya, kassatsiya, nazorat shikoyatlarini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda yuborish mumkin.
Ya’ni, sudga murojaatni qog‘oz emas, elektron shaklda onlayn tarzda yuborish mumkin. Bunda murojaatchining vaqti va xarajatlari tejaladi. Murojaatchi, xoh u fuqaro yoki tadbirkor bo‘lsin, xoh davlat tashkiloti vakili bo‘lsin, murojaat qilish uchun navbatda turmaydi, sud idorasiga borib qabulxonada kimnidir kutmaydi. Muhimi, turli ehtimoliy asabbuzarliklar va ovoragarchiliklarga uchramaydi.
Albatta, sudlar faoliyatida zamonaviy axborot texnologiyalarining joriy etilayotgani fuqarolar va tadbirkorlik sub’yektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, sudlov sifatini oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini bermoqda.
Biroq bugungi kunda har qanday axborot tizimi tashqi axborot tizimlari va axborot resurslari bilan o‘zaro hamkorlikda ishlamasa, ma’lumotlarni tezkor tarzda, real vaqt rejimida olish va taqdim etish imkoniyati cheklanadi. Shu bois sohadagi dolzarb vazifalardan biri - elektron hukumat axborot tizimlari va resurslarining o‘zaro hamkorlikda ishlashini ta’minlash hisoblanadi.
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 3 sentyabr kuni qabul qilingan "Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori tizimdagi keyingi muhim bosqichni boshlab berishi bilan ahamiyatli.
Negaki, qaror bilan sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. Bunda birinchi navbatda, 28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash ko‘zda tutilmoqda. Qolaversa, sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bularning barchasi avvalo sud va davlat tashkilotlari o‘rtasidagi, qolaversa, sud va taraflar o‘rtasidagi munosabatlarda inson omiliga chek qo‘yadi. Bu birinchidan, byurokratik to‘siqlarga barham bersa, ikkinchidan, sifat va samaradorlikning ortishiga xizmat qiladi.
Albatta, axborot maydonining kengayib borishi o‘z navbatida xavfsizlik talablarini kuchaytirishni ham taqozo qiladi. Shundan kelib chiqib, sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizlikni ta’minlash, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda.
J.G‘AYBULLAYeV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi raisi.