Yapon olimlari trombotsit va eritrotsitlardan iborat sun’iy qon yaratdi

Bemorlarga quyish uchun donor qoni yetishmasligi haqida ko‘p eshitamiz. Vaholanki, allaqachon sun’iy qon yaratilgan. Ammo hali uni qo‘llanishi to‘liq tatbiq etilmayapti. Nega?

“Gap shundaki, - deb yozadi “AiF” (2021 y. 5-son) gazetasi. – Talabga javob beradigan, hamma qon guruhiga to‘g‘ri keladigan, saqlashda sifati buzilmaydigan sun’iy qon yaratish hali oxiriga yetkazilgani yo‘q.

Sun’iy qon yaratishga urinish davom etmoqda. 2020 yilda yapon olimlari trombotsit va eritrotsitlardan iborat sun’iy qon yaratish usulini ishlab chiqdilar. U bir yil saqlanishi mumkin va har qanday qon guruhiga to‘g‘ri keladi. Biroq odamlarda hozircha tajriba o‘tkazilgani yo‘q. Ko‘pchilik olimlar bunga shubha bilan qaramoqda. Inson organizmida tabiiy ravishda muntazam qayta ishlab chiqarilib hayot faoliyatini ta’minlab turadigan qon vazifasini sun’iy qon bajarishi o‘ta mushkul.

***

Qanaqa avtomobil eng arzon?

Bu avtomobil, eng avvalo, kam yonilg‘i yoqishi, shinamligi, texnik, qarovlarni soddaligi, motoresurslarni uzoq ishlashiga bog‘liq. Keyingi yillarda eng arzon benzinli mashina Hindistonning “Tata Nano” avtomobili bo‘ldi – uni hozirda ham Dehlida 3,3 ming dollarga xarid qilish mumkin. Ammo arzonligi 2018 yilda ishlab chiqarishni to‘xtashiga olib keldi.

Elektromobillarning eng arzoni Xitoyda chiqarilayotgan “Wuling Mini EV” - 4,2 ming dollar. Biroq uning maksimal tezligi soatiga 100 kilometrdan oshmaydi. Elektromobillar narxining uchdan ikki qismini bir zaryadkasi 200 kilometrga yetadigan akkumulyator xarajati tashkil qiladi.

Yaponlar hozirda bir zaryadkasi 500 kilometrga yetadigan akkumulyator yaratish ustida ishlamoqda. Bunga erishilsa, elektromobilsozlikda katta muvaffaqiyat bo‘ladi. Avtomobil narxi tabiiyki arzonlashadi, deb xabar beradi “AiF”.

T.Shomurodov tayyorladi.