"Superkontrakt uchun ta’lim krediti olsam bo‘ladimi?"

Ayni kunlarda ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollardan biri aynan shu. Chunki shu tartibda talabalikka qabul qilinayotgan abituriyentlarga 2020/2021 o‘quv yili uchun oshirilgan (o‘tish chizig‘iga 4 ballgacha yetmagan) hamda tabaqalashtirilgan (56,7 balldan kam “superkontrakt”) to‘lov-kontrakt miqdorlari o‘quv yilining birinchi yarmi uchun kamida 50 foizi 2020 yilning 1 dekabridan, ikkinchi yarmi uchun 2021 yilning 1 martidan kechiktirmay to‘lashi lozimligi belgilandi.

Ta’lim krediti berishga oid qonun hujjatlari qabul qilingan paytda hali qo‘shimcha kontrakt, ya’ni superkontrakt degan gap yo‘q edi. Shu sababli bu masala normativ hujjatlarda aniq ko‘rsatilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 26 iyuldagi 318-son qaroriga ko‘ra, ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim muassasalarining kunduzgi bo‘limlariga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilingan talabalarning o‘qishi uchun berilishi mumkin.

Shunga ko‘ra, superkontrakt uchun ta’lim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan.