Suriya yana notinch

“Yog‘ochning bo‘shini qurt yeydi doim, tarixda misollar juda ko‘p bunga” deya yozgan edi atoqli rus masalchisi Ivan Krilov.

Aslida, bu ko‘hna dunyoning eski gaplaridan biri. Yana shunisi ham aniqki, bo‘ri bilan qo‘zichoq haqida Ezop va Lefontan ham masallar yozishgan. Ammo ularning hech birida daraxtning bo‘shini qurt yeyishi haqidagi satrlarni topolmaysiz. Chunki bu dono o‘zbek xalqining asrlardan asrlarga o‘tib kelayotgan hikmatli so‘zidir. Taniqli o‘zbek shoiri Shukur Sa’dullaning qoyilmaqom tarjimasi sharofati bilan ushbu hikmatli maqol Krilov boboning masaliga uzukka qo‘yilgan ko‘zdek yopishdi qo‘ydi.

Yog‘ochning bo‘shini qurt yeyishi bugun jahon ayvonida sodir bo‘layotgan voqealar misolida ham o‘zining yorqin isbotini topmoqda. Dunyoning qaysi bir mamlakatida haqiqat va adolat mezonlari buzilib, boshqaruv zaiflashgan bo‘lsa, o‘sha joy bo‘rilar makoniga aylanib borayotir.

Suriyada ham ana shu holat sodir bo‘ldi. Qariyb oltmish yildan buyon hokimiyatni qo‘ldan bermay kelayotgan asadlar sulolasining taxtda uzoq o‘tirib qolishi mamlakat xalqlari boshiga balolar yog‘dirmoqda. 2011 yilda “arab bahori”dan ilhomlangan suriyaliklar erkin saylovlar o‘tkazilishini, yangi demokratik konstitutsiya qabul qilinishini, huquqlari kamsitilayotgan sunniy mazhabidagi musulmonlarga ham hokimiyat boshqaruvidan o‘rinlar berilishini talab qilib chiqishdi. Chunki suriyaliklarning aksariyati sunniy mazhabdagi aholidan iborat. Shia mazhabidagi alaviylar ozchilik bo‘lishiga qaramasdan, tarix taqozosi bilan asosiy boshqaruv dastaklarini qo‘lga olishga muvaffaq bo‘lishgan. Buning tarixi haqida muqaddam yozilgan maqolalarimizda to‘xtalib o‘tganimiz bois takrorlab o‘tirish o‘rinsiz.

O‘shanda Damashq hukumati norozi olomon bilan til topishish o‘rniga, xalqqa qarshi dastlab politsiya kuchlarini tashladi. Politsiya tinchitishning uddasidan chiqolmagach, harbiylar ishga solindi. Bundan darg‘azab bo‘lgan isyonchilar asadlar sulolasining achchiq ichakday cho‘zilib borayotgan hukmronligiga chek qo‘yishga qaror qilishdi va ommaviy namoyishlar hukumatga qarshi qo‘zg‘olonga aylanib ketdi. Nihoyat Bashir Asadning holi tang bo‘lgach, Eron va Rossiyadan yordam so‘rashga majbur bo‘ldi. “Shia dunyosi”ni kengaytirish yo‘lida shundoq ham ichikib yurgan eronlik mullalar islom muhofazasi lashkarlarini Suriyaga jon-jon deb jo‘natishdi. Ular Asad rejimini quruqlikda himoya qila boshladi. Biroq muxolifotning qo‘li yana baland kela boshlagach, Bashir Asad o‘zini osmondan himoya qilishni iltimos qilib, Moskvaga murojaat qildi. “Rus dunyosi”ni kengaytirish payida yurgan kremldagi og‘alar esa Suriyaga bir yo‘la ajal quzg‘unlari  uyasini hadya etishdi. Endi isyonchilar boshiga raketa va bombalar do‘lday  yog‘ila boshladi. Suriyaning sunniylar istiqomat qiladigan qadimiy shaharlari va qishloqlar kultepaga aylantirildi. Qirg‘indan qochgan olomon Turkiya hamda Yevropa mamlakatlari sari intildi. Bu o‘z navbatida, Yevropada kechayotgan sokin hayotni izdan chiqara boshladi.

Voqealarning bunday tus olishi Moskva bilan Tehron uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki Yaqin Sharqdagi notinchlik Eron va Rossiyaning asosiy eksport mahsulotlari bo‘lmish neft-gazning narxini qimmatlashtirib yubordi. Bu esa bir o‘q bilan ikkita emas, birato‘la bir nechta quyonni urish bilan barobar edi. Bunaqa madaddan ilhomlangan Asad hukumati terrorizmga qarshi kurash bahonasida mamlakatni sunniylardan tamoman tozalashga qaror qildi chog‘i. Ularning madaniy hamda savdo markazi Halab (Aleppo) shahri bochka bombalari bilan tamoman vayron etildi. Qolgan katta-kichik shahar va qishloqlar ham yer bilan yakson bo‘ldi. Tirik qolgan aholining qolgan-qutgan qismi Turkiya davlati bilan chegaradosh Idlib shahri tevaragida to‘plandi. Shundoq ham millionlab qochqinlarni bag‘riga olgan Turkiya sunniylarni o‘z himoyasiga olishga qaror qildi. Anqara Putin hukumati bilan kelishib, Ostona va Sochi shartnomalari asosida Suriya hududida o‘zining kuzatuv postlarini o‘rnashtirdi. Kelishuv bo‘yicha, qochqinchilarni ko‘paytirmaslik maqsadida Suriya qurolli kuchlari bu hududga kirmasligi lozim edi. Biroq keyingi paytda Damashq va uning ittifoqchilari kelishuvga xiyonat qilib, Turkiya o‘rnatgan postlardan ichkarida harbiy harakatlarni boshlab yuborishdi.

Aftidan, ular bunga Turkiya va jahon hamjamiyatining munosabatini sinab ko‘rmoqchi bo‘lishdi, shekilli. Natijada, o‘ttizdan ziyod turk harbiy xizmatchilari halok bo‘ldi. Asad rejimining qaltis xatti-harakati BMT hamda G‘arb mamlakatlari rahbarlari tomonidan qattiq qoralandi.

Shubhasiz, bunga Turkiya tomonining javobi tezkor va dahshatli bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida asadning va uning minglab ittifoqchi askarlari jon taslim qildi yoki mayib-majruh bo‘ldi. Aniq uradigan zamonaviy qurollar vositasida Suriya hukumatining Rossiya, Eron, Shimoliy Koreyadan olgan yuzlab harbiy texnikalari yakson etildi. Bunda biz chama sonlardan foydalanayotganimizning sababi, talafotlar haqida hali aniq raqamlar e’lon qilinmayapti.

Sodir bo‘lgan ushbu voqealardan so‘ng Moskva turkiyaliklarni janjalni diplomatik usullar bilan tinchitishga chaqirgan bo‘lsa, eronlik mullalar muammoni Moskvani aralashtirmasdan ikki tomonlama hal qilishga da’vat etishmoqda.

Adolat va haqiqat yuzasidan shuni ham qayd etib o‘tish kerakki, Suriya keyingi davrda turli-tuman g‘oyalar soyasida jang qilayotgan turfa xil jangarilar makoniga aylanib ulgurdi. Bu mamlakatdagi chigal tugunlarni beozor usulda yechish uchun ikki tomonlama emas, balki jahon hamjamiyatining ko‘magi zarur.

Keyingi ma’lumotlarga qaraganda, Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Idlibdagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal qilish maqsadida 5 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yana bir marta uchrashib, kelishib olishga qaror qilgan. Kishini ajablantiradigan joyi shundaki, Erdo‘g‘on Suriyadagi voqealar masalasini Suriya Prezidenti bilan emas, balki ushbu mamlakatdan ancha yiroqda joylashgan o‘zga bir davlat rahbari bilan hal qilishga majbur. Shu holatning o‘zi bu borada izlab topilmagan ko‘pgina savollarga javob bo‘la oladi.

Xudoyberdi KOMILOV,

siyosiy sharhlovchi.