Suriyadagi AQSh qo‘shinlari o‘z bazalariga qilingan hujumga javoban o‘t ochishdi
Suriyaning Dayr-az-Zor viloyatining sharqida joylashgan Amerikaning harbiy bazasi raketalar bilan o‘qqa tutilgan va harbiylar javob qaytargan, deya xabar bermoqda "Suriya" davlat telekanali.
Hodisa Omar neft koni hududida sodir bo‘ldi. OAV manbalariga ko‘ra, harbiy samolyotlar "noqonuniy bazani" qo‘riqlamoqda.
AQSh koalitsiyasi Suriyadagi qurolli kuchlariga raketa hujumi uyushtirilganini tasdiqladi, qurbonlar yo‘q, deya xabar berdi Koalitsiya vakili, polkovnik Uyeyn Marotto Twitterda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, raketa hujumi mahalliy vaqt bilan soat 19:44 da sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, Marotto Amerika harbiylari himoya maqsadida o‘q uzganini ta’kidladi.
Avvalroq Pentagon xabar qilganidek, Qo‘shma Shtatlar Iroq va Suriyaning chegara hududidagi eronparast qurolli guruhlarning nishonlariga aviazarbalar berdi. Bu Iroqdagi "Qo‘shma Shtatlar manfaatlariga" qaratilgan hujumlarga javoban va tahdidni bartaraf etish maqsadida qilingan edi, dedi Mudofaa vazirligi. Pentagonning ta’kidlashicha, zarbalar bir necha guruh, jumladan Kataib Hizbulloh va Kataib Sayyid ash-Shuhad jangarilari qurol-yarog‘ omborlari va operatsion ob’yektlarga qaratilgan edi.
O‘z navbatida, Suriya Tashqi ishlar vazirligi ushbu zarbalarni qoralab, bunday harakatlarni Suriya va Iroq suverenitetiga tajovuz deb atadi va Vashingtonni buni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
2014 yildan beri davlat hukumati organlarining ruxsatisiz Vashington va uning ittifoqchilari Suriyada o‘zini Islom davlati, deb atagan guruhga qarshi harbiy operatsiya o‘tkazib kelmoqda. AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 2016 yilda saylanishidan oldin mamlakatdan qo‘shinlarini olib chiqishga va’da bergan va bu haqda 2018 yil dekabrida ma’lum qilgan edi. Biroq, keyinchalik u harbiy qismning bir qismini neft konlarini qo‘riqlash uchun qoldirishga qaror qildi.
Suriya hukumati bu harakatlarni istilo deb bildi. Damashq mamlakatda Amerika kontingentining mavjudligi davlat suvereniteti va barcha xalqaro qoidalarni buzishini bir necha bor ta’kidlagan.