Suriyaning Jo‘lon tepaliklariga Tramp nomi beriladi

Suriyaning Isroil bosib olgan Jo‘lon tepaliklariga Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu AQSh prezidenti Donald Trampning nomini bermoqchi.

Jo‘lon tepaliklari 1967 yilgi urushda Isroil tomonidan bosib olingan. Ammo xalqaro hamjamiyat uni Isroil hududi deb tan olmagan edi. Birinchi bo‘lib AQSh prezidenti Tramp hududni Isroilniki deb tan oldi. Shu bois Isroil bu hududni Tramp deb atashga qaror qilgan.

“Barcha isroilliklar prezident Trampning Isroilning Jo‘lon tepaliklari ustidan suverenitetini tan olganidan juda mamnun. Men Isroil hukumati Jo‘lon tepaliklarida joylashayotgan yangi jamoani prezident Donald Tramp nomi bilan atash haqida rezolyusiya qabul qilishiga erishmoqchiman”, – degan Netanyahu videomurojaatida.

Jo‘lon tepaliklari Suriya poytaxti – Damashqdan 60 km janubi-g‘arbda joylashgan bo‘lib, 1200 km2 maydonni egallagan.

Hududda 30 ta yahudiy manzilgohi qurilib, hozir u yerda yahudiylar va suriyaliklar yonma-yon yashaydi.