Surxondaryoda kaltaklangan o‘qituvchilar voqeasi bo‘yicha prokuratura va vazirlik munosabat bildirdi

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda maktabda erkak kishi tomonidan o‘qituvchilarning kaltaklanishi bilan bog‘liq video tarqalgan edi. Holat yuzasidan Bosh prokuratura bayonot berdi.

“Bosh prokuratura tomonidan maktab o‘qituvchilari ommaviy do‘pposlanganligi bilan bog‘liq videoyozuvdagi holat o‘rganildi.

Aniqlanishicha, 2023 yil 14 aprel kuni soat 12:00 larda Uzun tumanidagi 31-sonli o‘rta ta’lim maktabining direktor xonasida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda 34 yoshli erkak (o‘qituvchi) ikki nafar ayol o‘qituvchi bilan janjallashib, ularga tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan 18 aprel kuni Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan”, deyiladi prokuratura munosabatida.

Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarovaning munosabati ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, kaltaklangan ayol o‘qituvchilar hozirda shifoxonada, ularning holati vazirlik tomonidan nazoratga olingan.