Tadbir bahona gazeta tarixi va tarixiy shaxslar eslandi
Bugun nafaqat Samarqand viloyati, balki respublika ijodkorlari Narpay tumanida jam bo‘ldi. Ular “Navqiron Narpay” (“Paxtakor ovozi”) gazetasining birinchi soni chop etilganiga 90 yil to‘lgani munosabati bilan o‘tkazilgan ijodiy uchrashuvda ishtirok etdi.
Tadbir viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi, Narpay tumani hokimligi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbir mehmonlari dastlab, Islom Shoir hamda Bektosh Rahimov mangu qo‘nim topgan maskanda bo‘lishib, ushbu shoir, davlat va jamoat arboblari xotirasini yod etishdi, Qur’on tilovat qilinib, qo‘y so‘yildi.
Tadbir ishtirokchilarini keyingi manzili “Navqiron Narpay” gazetasi tahririyati binosi bo‘ldi. Tadbirga taklif etilgan tahririyatda xodimlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi va ular bilan ijodiy muloqot qilindi.
Shuningdek, mehmonlar Bektosh Rahimovning uy-muzeyi hamda Oqtosh shahridagi Prezident maktabida ham bo‘lishdi. Tumandagi ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Shundan keyin Narpay tumani hokimligining majlislar zalida faxriy jurnalistlar, Samarqand shahar va tumanlar gazetalari muharrirlari, mushtariylar hamda keng jamoatchilik ishtirokida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning "Navqiron Narpay" gazetasining 90 yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sherali Temirov o‘qib berdi va tahririyat jamoasiga esdalik sovg‘asini topshirdi.

Narpay tumani hokimi Sherzod Rahmonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Farmon Toshev, “Navqiron Narpay” gazetasi muharriri Toshpo‘lat Toshmurodovlar gazeta tarixiga oid ma’lumotlar berishdi. Ta’kidlanishicha, 1932 yilda Sultonov imzosi bilan “Qizil Norpoy” gazetasining ilk soni chop etilgan. 1961 yilda gazeta “Paxtakor ovozi” deb o‘zgartirilgan. Gazeta 2022 yildan boshlab xalq deputatlari Narpay tumani Kengashining qaroriga ko‘ra “Navqiron Narpay” nomi bilan nashr etilmoqda.

Tadbirda Narpay farzandlari - shoir va jurnalist, matbuot faxriysi O‘ktam Mirzayor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoira Zulfiya Mo‘minova tadbirga o‘z chiqishlari bilan yanada fayz kiritdi.
Husan Eltoyev.