Tadbirkor boshqalarning yo‘liga "g‘ov" bo‘lmasligi kerak yoki "Samsung"dagi sirlar fosh bo‘ldi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shu sarlavha bilan post joylashtirdi. Unda quyidagicha yoziladi:

Sohibqiron Amir Temur bobomiz azmi qat’iy, tadbirkor, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir, deganlar. Muhtaram Prezidentimiz tadbirkorlik qilib, ikkita ish o‘rni yaratgan kishini boshimga ko‘tarishga tayyorman, deb ko‘p ta’kidlaydilar. Shu sababli keyingi yillarda tadbirkorlik sub’yektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning erkin va samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun davlat tomonidan barcha imkoniyat va qulayliklar yaratib berilmoqda. Bundan unumli foydalanib, ham o‘zi, ham boshqalar manfaati uchun jon kuydirib faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar ko‘paymoqda. Bundan quvonish kerak albatta.

Ammo, “tadbirkorman” deganlarning hammasi ham shunday fikrlamas ekan-da.

Kecha, 21 may kuni erta tongda Samarqand shahrini piyoda kezib, “Samsung” savdo markazi oldida katta miqdordagi qum-shag‘alning piyodalar uchun mo‘ljallangan yo‘lakchaga to‘kib qo‘yilgani va bu aholining ushbu hududdan o‘tishida noqulayliklar tug‘dirayotganiga guvoh bo‘ldim. Bino oldida anchagina bo‘sh maydon bo‘lsada, ushbu qurilish materialining piyodalar o‘tadigan joyga to‘kilishi na odamiylik, na qurilish me’yorlariga to‘g‘ri keladi.

Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi 105-uyda joylashgan ushbu savdo markazida jami 51 ta shoxobcha, jumladan 25 ta savdo, 1 ta umumiy ovqatlanish faoliyati, 1 ta aviachipta sotish va 24 ta xizmat ko‘rsatish sohalarida tadbirkorlar faoliyat olib borayotgan ekan. Ammo, mutaxassislar tomonidan o‘rganilganda markazdan daromad topayotganlarning hammasi ham qonuniy faoliyat ko‘rsatmayotgani ma’lum bo‘ldi.

“Tadbirkorlar” ushbu markazda 10 holatda ijara shartnoma tuzmasdan, 12 holatda nazorat-kassa mashinasi o‘rnatmasdan, 13 holatda yollanma xodimlarni ro‘yxatdan o‘tkazmasdan, 2 holatda bankda hisob raqami ochmasdan, 12 holatda to‘lov terminali o‘rnatmasdan va 1 holatda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatib kelayotganligi aniqlandi.

Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi 103 va 105-uylar oralig‘ida Jarariq ko‘chasi 54-uyda yashovchi fuqaro Xursand Musinova tomonidan noqonuniy pullik avtomobillarni vaqtinchalik saqlash maydonchasi ham tashkil etilganligi aniqlanib, huquqbuzarga nisbatan tegishli bayonnoma rasmiylashtirildi.

Bugun davlatimiz tomonidan tadbirkorlarga shuncha imkoniyat, imtiyoz berilgan bir paytda ularni bu ishonchni suiiste’mol qilmaslikka, e’tiborga munosib javob berib, to‘g‘ri, qonuniy faoliyat ko‘rsatishga, halol daromad topishga chaqiraman.