Tadbirkor nega o‘z faoliyatini to‘xtatdi?
Narpay tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan sanoat korxonalari asosan ohak, gips mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda. Biroq bugungi kunda mazkur korxonalar tabiiy gaz ta’minotidan uzib qo‘yilgan. Shu sababli ularning faoliyati to‘xtab qolgan.
Yoki Nurobod tumanidagi «Tehno stoun» mas’uliyati cheklangan jamiyati sheben va marmar qazib olish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida davlat ro‘yxatidan o‘tgan. Biroq ushbu tadbirkorlik sub’yekti Davlat geologiya qo‘mitasidan litsenziya ololmagan, shu bois faoliyati to‘xtab turibdi.
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining 65-sessiyasida ta’kidlanishicha, viloyat bo‘yicha 2017-2018 yillarda davlat ro‘yxatidan o‘tgan tadbirkorlik sub’yektlaridan yuqorida nomlari keltirilgan xo‘jalik yurituvchi korxonalar kabi 907 tasi hanuzgacha o‘z faoliyatini boshlamagan. Hududlar kesimida olganda bunday tadbirkorlik sub’yektlari Samarqand shahri, Urgut, Payariq, Past Darg‘om, Qo‘shrabot va Kattaqo‘rg‘on tumanida ko‘p.
Shuningdek, joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra viloyatda 13 ming 341 tadbirkorlik sub’yekti o‘z faolyatini to‘xtatgan. Ularning 4 ming 702 tasi yuridik, 8 ming 639 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlardir.
To‘g‘ri, ushbu tadbirkorlik sub’yektlarining ayrimlari soliq tizimidagi islohotlar bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra faoliyatini to‘xtatgandir. Balki tadbirkorga to‘sqinlik qilingan masalalarning aksariyati respublika darajasida, ya’ni vazirlik va idoralar tomonidan hal etilar, ammo masalaning ijtimoiy ahamiyati, jumladan yo‘qotilishi mumkin bo‘lgan ish o‘rinlari masalasi ularning faoliyatini alohida e’tibor qaratishni taqozo etmaydimi? Bu borada viloyat va tumanlardagi tadbirkorlikni rivojlantirishga bevosita mas’ul bo‘lgan rahbarlar bosh qotirishi, tadbirkorga ko‘mak berishi kerak emasmi?