Tadbirkor yolg‘iz ayol – Muhabbat Boboqulovaga uy qurishda yordamlashadi

Yosh tadbirkor, “Kumushkent universal qurilish” MChJ rahbari Muhammadjon Xo‘jamqulov joriy yilda o‘zi yashayotgan mahalla “Obod qishloq” Davlat dasturiga kiritilganligini eshitgach, tuman hokimligiga hududda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi va mahalla markazini o‘z hisobidan qurib berish tashabbusi bilan chiqdi.

- Tashabbusimni tuman hokimimiz Feruz Abilov qo‘llab-quvvatlab bizga yer ajratib berdi. Men bundan juda xursandman. Qurayotgan binomiz ikki qavatli bo‘lib, bu yerda maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, mahalla markazi va aholi uchun mini kutubxona joylashadi. Shuningdek, binoning ikkinchi qavatida qishloqdoshlarimiz uchun qulaylik yaratish maqsadida, tibbiy ko‘rik markazi tashkil etishni rejalashtirayapmiz. Ota-bobolarim “Odamlarning koriga yaragin” deb o‘rgatishgan. Xalqimizga yordamim tegmasa men qanday tadbirkor bo‘ldim, - deydi M.Xo‘jamqulov.

Kumushkent mahallasida obodonlashtirish ishlari jarayonida tuman hokimligi eskirib, avariya holatiga kelib qolgan uyda yashayotgan yakka-yolg‘iz, kam ta’minlangan 64 yoshli Muhabbat Boboqulovani e’tibordan chetda qoldirmadi. O‘zLiDeP  faollaridan iborat ishchi guruhi bu yerga tashrifi chog‘ida, hokimlik hashar yo‘li bilan onaxonga uy boshlaganligining ustidan chiqishdi. Ayni kunlarda yangi xonadon uchun poydevor quyilib dastlabki ishlar boshlangan. Muloqotlar chog‘ida O‘zLiDeP faoli tadbirkor Muhammadjon Xo‘jamqulov hashar yo‘li bilan barpo etiladigan uy uchun 5000 dona g‘isht olib beradigan bo‘ldi.

- Bir umr dalada mehnat qildim. Turmush o‘rtog‘im erta vafot etgach, ikki qizni tarbiyalab voyaga yetkazdim,ularni uzatdim. Bugungi kunda yolg‘izligimni bildirmasdan, menga yordam qo‘lini cho‘zayotgan, hokimlik vakillari, mahalla faollari va tadbirkorlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman, - deydi suhbatda M.Boboqulova.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.