Tadbirkorlar diqqatiga! Har qanday turdagi reklama vositalarini noqonuniy joylashtirganlik uchun chora ko‘riladi
Reklama bozorida sog‘lom raqobat muhitini yaratish, respublika aholi punktlari qiyofasini yaxshilash, shuningdek, tashqi reklama sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustda “Tashqi reklamani joylashtirish sohasidagi faoliyatni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorning tegishli bandlarida tashqi reklamani joylashtirish huquqini berish bo‘yicha shartnomalar tuzish tuman (shahar) hokimliklari tomonidan amalga oshirilishi, bundan tashqari, tashqi reklama ob’yektlarini (konstruksiyalarini) yer uchastkalarida, shuningdek, davlat mulki bo‘lgan bino va inshootlarda joylashtirish huquqini berish "E-ijro auksion" yagona elektron savdo maydonchasida ochiq elektron auksionlar orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
Bugungi kunda viloyatimizdagi tadbirkorlar ko‘chalarda, binoning yon qismi, tom qismi, bekatlarda ishlab chiqargan mahsulotlarini, xizmatlarini o‘zlari xohlaganday reklama qilmoqda. Aslida tashqi reklamalar tuman va shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda, tegishli ruxsatnomalarni olib, to‘lovni amalga oshirgandan so‘ng joylashtirilishi lozim.
Mahalliy hokimliklar tomonidan tegishli ruxsatnoma olmasdan har qanday turdagi reklama vositalarini joylashtirganlik uchun xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga amaldagi qonunchilikka asosan tegishli tartibda choralar qo‘llanilishini ma’lum qilamiz.
Samarqand viloyat monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasining reklama faoliyatini nazorat qilish bo‘limi.