Tadbirkorlar sudga “chaqirildi”
Samarqand viloyat sudi binosida viloyat sudi raisi o‘rinbosarlari, sudyalar, viloyat prokuraturasi, soliq, adliya, bank idoralari, savdo-sanoat palatasi, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmalari mas’ul shaxslari ishtirokida tadbirkorlar bilan davra suhbati o‘tkazilib, ularni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
– Bugun tadbirkor va ishbilarmonlar uchun katta imkoniyatlar yaratilib, imtiyozlar berilmoqda, – dedi viloyat sudi raisi o‘rinbosari Sh.Mamadiyorov. – Lekin bundan xabardor bo‘lmagan yoki imtiyozlardan foydalana olmayotgan, ayrim hollarda byurokratik to‘siqlarga duch kelayotgan tadbirkorlar bor. Shu bilan birga berilgan imtiyozlarni suiiste’mol qilayotgan soxta tadbirkorlar ham afsuski uchramoqda. Davra suhbati ana shu masalalar haqida o‘zaro fikrlashib olish, muammolarga birgalikda yechim izlash maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbatida sudyalar tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida tashqi savdo operatsiyalari monitoringini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va uning ahamiyati, Jinoyat kodeksining 184-moddasi, ya’ni soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash jinoyati bilan bog‘liq masalalar haqida tadbirkorlarga atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, 2021 yilning yanvar-aprel oylari davomida 28 nafar shaxsga nisbatan shu toifadagi jinoyat ishlari ko‘rilgan bo‘lib, 1 nafar shaxs oqlangan va 27 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlangan. 42 milliard 937 million so‘mni undirish haqida hukmlar qabul qilinib, 32 milliard 186 million so‘m qismi qoplangan.
Davra suhbati davomida tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Viloyat sudi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.