Tadbirkorlar turizm sohasidagi imtiyozlardan qanchalik xabardor?
Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari xodimlari “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili bo‘yicha tadbirkorlik sub’yektlarining huzuriga borgan holda tushuntirish va targ‘ibot ishlarini olib bormoqda.
Xususan, Samarqand shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari turizm sohasida faoliyat yuritayotgan “Shahzod plaza” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, tadbirkorlik sub’yekti vakillari bilan soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar, Prezidentimizning joriy yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni mazmuni yuzasidan tushuntirish ishlarini olib bordi.
– Davlatimiz rahbarining mazkur farmoni ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirishda muhim hujjat bo‘ldi, – deydi jamiyat bosh menejeri Maryam Latipova. – Korxonamiz turizm va mehmonxona xizmatini ko‘rsatishga ixtisoslashgan. Mazkur farmon faoliyatimizni rivojlantirishga qulay sharoit yaratmoqda. Jumladan, turoperatorlar, turagentlar, shuningdek, joylashtirish vositalari uchun foyda solig‘i stavkasini belgilangan stavkaga nisbatan 50 foizga kamaytirilishi, turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari ko‘rsatuvchi sub’yektlar yer solig‘i va mol-mulk solig‘i to‘lashdan ozod qilinishi, ular tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliqni kamaytirilgan stavkada 1 foiz miqdorida belgilash muddatining joriy yilning 31 dekabriga qadar uzaytirilgani ayni muddao bo‘ldi.
Bekmirza Ahmedov,
Samarqand shahar DSI tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sho‘’basi boshlig‘i.