Tadbirkorlar uchun - 1 million so‘m, yoshlar uchun - bepul
Shu yilning o‘tgan olti oyida Yoshlar ishlari agentligi, “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi hamda “MFaktor” hamkorligida yurtimiz bo‘ylab mahoratli va yosh tadbirkorlar ishtirokida “Biznes marafon” tashkil etildi. Ushbu marafonning final manzili Samarqand shahrining «Family Park» majmuasi bo‘ldi.
“O‘zbekiston yoshlari forumi - 2021” haftaligi doirasidagi mazkur “Biznes marafon”da respublikamizdagi eng ilg‘or tadbirkorlar tomonidan yoshlar uchun mahorat darslari tashkil etildi.
- Biznesimni 1997 yil boshlaganman, - deydi "Mfaktor" va "Deli. uz" loyihalari asoschisi Husan Mamasaidov. – Uni rivojlantirish uchun ko‘p qiyinchiliklar, moliyaviy yo‘qotishlarga duch kelganmiz. Bugungi kunda mingdan ortiq ish o‘rni yaratganman. Tadbirkorlik bilan bog‘liq treninglar o‘tkazamiz. Birgina biznes savdosini oshirish masalasiga bag‘ishlangan yopiq treningimizga tadbirkorlar 1 million so‘m to‘lab kiradi. Bugun Samarqandga kelib yoshlarga shu va boshqa mavzulardagi mahorat darslarini bepul o‘tyapmiz.
- Tadbirkor bo‘lishni istayman, - deydi kattaqo‘rg‘onlik Ulug‘bek Narzullayev. - Bugungi tadbirda qatnashib, birgina istak bilan maqsadga erishib bo‘lmasligini angladim. Tajribali biznesmenlar bizga tadbirkorlikni boshlash, biznes-rejalar tuzish uchun nimalar qilish kerakligi haqida tushunchalar berdi.
Marafon davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Eng yaxshi savol egalariga spikerlar tomonidan pul mukofotlari, “IELTS” imtihonini topshirish uchun bepul yo‘llanmalar taqdim qilindi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov ishtirok etdi.
Munisa Shamsiyeva.