Tadbirkorlar uchun foydali muloqot

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, qo‘mita huzuridagi malaka oshirish markazi, “Soliq plus” gazetasi va viloyat davlat soliq boshqarmasi hamkorligida soliq sohasidagi islohotlar, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun yaratilgan imtiyozlar va qo‘shimcha qiymat solig‘ini hisoblash tartiblariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan 200 nafarga yaqin tadbirkorlar, xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning bosh hisobchilari ishtirok etdi.

Davlat soliq qo‘mitasi mutaxassisi Komil Saidov, qo‘mita huzuridagi malaka oshirish markazi katta o‘qituvchisi Sodiq Boymurodovlar Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar, Soliq konsepsiyasining qabul qilinishi soliqqa tortish mexanizmini soddalashtirish, soliq yukini kamaytirish, soliq turlarini yanada optimallashtirishda muhim asos bo‘lganini ta’kidlashdi.

Tadbirda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari, hisobchilar uchun davlat byudjetiga undiriladigan soliq va boshqa majburiy ajratmalarni hisoblash va to‘lash tartiblari, muddati xususida batafsil ma’lumot berildi.

Soliq konsepsiyasining qabul qilinishi bilan bog‘liq o‘zgarishlar va yangiliklardan xabardor bo‘lishda bu kabi tadbirlar biz uchun juda muhim o‘rin tutmoqda, – deydi bosh hisobchi Sodiq Abdurasulov . – Ayniqsa, qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash tartib-taomili, hisobotlarni topshirish borasida tug‘ilayotgan savollarmizga atroflicha javob olyapmiz. Faoliyatimiz davomida duch kelayotgan masalalarga yechim topishda mutaxassislar bilan tashkil etilayotgan bu kabi muloqotlar juda asqatmoqda. Soliq sohasidagi o‘zgarishlardan doimo boxabar bo‘ladigan, sohaga doir bilim va ko‘nikmalarini muntazam mustahkamlaydigan tadbirkor muammolarga aslo duch kelmaydi.

Ochiq muloqot davomida tadbirkorlar faoliyati davomida duch kelinayotgan muammolarni aytib, savollariga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.