Tajribali va keksa hunarmandlarning mahsulotlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi
4-10 oktyabr kunlari respublikamiz bo‘yicha o‘tkazilayotgan “Keksalar haftaligi” tadbirining galdagisi Samarqand shahridagi "Xazora" mahalla fuqarolar yig‘ini markazida tashkil etildi.
“Hunarmand” uyushmasi Samarqand viloyat boshqarmasi tashabbusi bilan “Usta-shogird an’anasi - amalda” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda nuroniylar, yoshi ulug‘ va yosh hunarmandlar, “Nuroniy” jamg‘armasi a’zolari ishtirok etdi.
- Bu haftalikning tashkil etilishi biz, keksalarga bo‘lgan cheksiz hurmat ifodasi, - deydi O‘zbekiston xalq ustasi Xolmahmat Ismatillayev. – Uy sharoitida o‘ndan ziyod shogirdimga kulolchilik buyumlari yasash sirlarini o‘rgatyapman. Uyda bo‘lsak-da o‘zimiz ham, yoshlar ham ishli, ozmi-ko‘pmi daromad qilyapmiz.
Tadbir davomida tajribali va keksa hunarmandlarning mahsulotlari namoyish etildi. Qo‘lda mehr va qalb qo‘ri bilan yasalgan hunarmanchilik buyumlari ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi.
Muhammad Haydarov.