Keksalar e’zoz va ehtiromga loyiq

Ayni kunlarda “Keksalarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish - xalqimizga xos ezgu fazilat” g‘oyasi ostida “Keksalar haftaligi” o‘tkazilyapti.

Haftalik doirasida joylarda qator ma’naviy-ma’rifiy, sport, obodonlashtirish va xayriya tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.

Viloyatimizdagi barcha mahallalarda nuroniylar, shu jumladan, “Saxovat” va “Muruvvat” internat-uylarida istiqomat qilayotgan keksalar ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, muzey, ziyoratgoh va qadamjolar, yurtimizdagi diqqatga sazovor joylarga sayohatlar tashkil etiladi.

Bugun haftalik doirasida Samarqand shahridagi “Saxovat” internat-uyida yashovchi keksalar uchun bayram tadbiri tashkil qilindi. Unda taniqli shoir, yozuvchi hamda san’atkorlar o‘z chiqishlari bilan tadbir ishtirokchilarini xushnud etdi. Tadbir so‘ngida viloyat “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan keksa avlod vakillariga sovg‘alar ulashildi. 

Bu kabi xayriya tadbirlari tumanlarda ham bo‘lib o‘tyapti. Xususan, Bulung‘ur pedagogiga kollejida tumandagi keksa avlod vakillari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbirda nuroniylar bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunda keksalarga qaratilayotgan e’tiborni minnatdorlik bilan ta’kidladi.

- Bugungi tadbir mamlakatimizda nuroniylarning qay darajada e’tiborda ekanligidan darak beradi, - deydi tuman "Nuroniylar" jamoatchilik kengashi raisi Ochil Ahmedov. –  Haftalik davomida yolg‘iz keksalar xonadoni hashar asosida obodonlashtiriladi, malakali shifokorlar tomonidan chekka va olis hududlarda ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Tadbir davomida ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. El-yurt rivoji, mahalla tinchligiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan nuroniylarga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari topshirildi.

Sulaymon Mardiyev.