O‘zbekistonda noyabrda «Keksalar uchun turizm oyligi» joriy qilinadi

Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 maydagi "Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash yo‘lida keksa avlod vakillari uchun mamlakat bo‘ylab ziyoratlarni (sayohat) tashkil etish yuzasidan qator vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, har yili 1 noyabrdan 30 noyabrgacha "Keksalar uchun turizm oyligi", deya e’lon qilindi. Sayohat qiluvchilar uchun hududlardagi turizm infratuzilma ob’yektlari, muzey va teatrlarga kirish va qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha, shuningdek, joylashtirish vositalari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari hamda viloyatlararo qatnovchi avtobus, avia va temir yo‘l chiptalariga ixtiyoriy ravishda chegirmalar va aksiyalar e’lon qilinishi ko‘zda tutilgan.

- Mazkur hujjat mamlakatimizda ichki turizmni yanada rivojlantirish uchun katta turtki bo‘ladi, - deydi viloyat turizmni rivojlantirish departamenti boshlig‘i Dilshod Narziqulov. - Har doim ardoqda bo‘lgan otaxonu onaxonlarimizning yurtimizdagi tarixiy meros ob’yektlari, diniy qadamjolarimizni ziyorat qilib, nuroniylik gashtini surishlari uchun shart-sharoit yaratib berilmoqda. “Sayohat barcha uchun!” shiori ostidagi xayriya loyihasi doirasida viloyatimizda istiqomat qiluvchi 3 mingga yaqin I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar yiliga bir marotaba bepul turistik sayohat qilish imkonidan foydalana oladilar.

Mazkur qaror ijrosi yuzasidan bugungi kunda viloyatda faoliyat olib borayotgan 307 ta joylashtirish vositalari, 19 ta sanatoriy va sog‘lomlashtirish ob’yektlari hamda 23 ta ziyoratgoh mutasaddilari bilan kelishgan holda oylik davomida 30-40 foizgacha bo‘lgan miqdordagi chegirmalarni taklif etish yuzasidan hamkorlikda amaliy ish olib borilmoqda. Bundan tashqari, mahalliy byudjet va uning orttirib bajarilgan qismidan o‘zgalar parvarishiga muhtoj va yolg‘iz keksalarning turar joylari ta’mirlab beriladi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.