Taksichilarning madaniyatsizligiga qachongacha chidaymiz? (foto)
Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan taksilarning aksariyatiga o‘ylanib o‘tirasan kishi. Buning bir qator sabablari bor. Birinchidan, haydovchining kiyinish va muomala madaniyati past. Yengsiz mayka, shortik kiyib olgan, mashinada mijozining kimligidan qat’iy nazar baqirib yo so‘kinib gaplashadi.
Ikkinchidan, boshqarayotgan mashinasi sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi. Salondan turli xil hidlar anqiydi (gaz, yog‘), avtomashina yuvilmagan, o‘rindiq qoplamalari kir.
Mashinaning tashqi ko‘rinishi ham turizm shahri sanalgan Samarqandga nomunosib - yuvilmagan, oynalari artilmagan, ort oynalariga esa qora parda-yu tushunarsiz reklama matnlarini joylashtirib tashlagan.
Xuddi shunday holat aksariyat avtobuslarda ham mavjud. O‘rindiqlari yirtilgan, salonida pista po‘choqlar-u qog‘ozlarni uchratasiz. Aksariyat avtobuslarda xususiy davolash muassasalaridan tortib, xorijga sayohat, turli xil xizmat ko‘rsatish faoliyat turlari haqidagi reklama afishalari yopishtirilgan.
Bu holatlarga haydovchilar bilan birga mutasaddi idoralar rahbarlari ham e’tibor qaratsalar yaxshi bo‘lardi.
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.