Taksichilik faoliyatida bir qator muhim o‘zgarishlar bo‘ladi
Qarorga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan yakka tartibdagi tashuvchilar o‘z faoliyatini faqatgina agregatorlar xizmatidan foydalangan holda amalga oshiradi.
Yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilarga quyidagilar uchun ruxsat etiladi:
➖ yo‘lovchilarni olish va tushirish maqsadida “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgisi amal qilish hududida, shu jumladan aeroport va vokzallarga tutash hududlarda to‘xtash;
➖ mahalliy davlat hokimiyati organlari tasarrufida bo‘lgan aeroportlar, temir yo‘l vokzallari, avtovokzallar, qurilish mollari, dehqon va buyum bozorlari hamda savdo majmualarining pullik to‘xtash joylariga yo‘lovchilarni olish va tushirish uchun bepul kirish;
➖ yo‘nalishli transport vositalari uchun ajratilgan maxsus harakatlanish yo‘lagi bo‘ylab harakatlanish.
Yo‘lovchi tashishda foydalanilayotgan avtotransportlarning rangi va maxsus seriyali davlat raqami belgisi bo‘yicha o‘rnatilgan amaldagi talablar 2023 yil 1 yanvargacha to‘xtatib turiladi.
Shuningdek, yo‘nalishsiz taksilar uchun avtomobilning old oynasining yuqoridagi o‘ng burchagiga joylashtirilgan yashil rangli yoritish chirog‘i, hisoblagich (taksometr) va radioaloqa vositasi, shuningdek, nazorat-kassa mashinasini o‘rnatish talablari bekor qilindi.
Bundan tashqari, yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksi va yakka tartibdagi tashuvchilar uchun quyidagi talablar joriy etiladi:
● avtomobil tepasiga “TAXI” tanish belgili to‘q sariq rangli fonar o‘rnatish;
● to‘lovni amalga oshirish, shuningdek, bosib o‘tilgan yo‘lni elektron tarzda qayd etish imkoniyatini beruvchi maxsus ilovalarga ega moslamalar (shu jumladan, uyali telefonlar, planshetlar) bo‘lishi;
● avtomobilning priborlar panelida avtomobil transportining davlat raqami, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risidagi hujjat (yoki ushbu faoliyat turini amalga oshirish uchun litsenziya/litsenziya varaqasi) va haydovchining telefon raqami ko‘rsatilgan ma’lumotlar tablichkasi mavjud bo‘lishi.