Talabalar ta’tilga, dam olishga jo‘natilgan emas!

Yaqinda men SamDU kimyo fakulteti tarixida birinchi bo‘lib (yarmi hazil, yarmi chin) 4-bosqich talabalaridan “Spektroskopiya va strukturaviy analiz” (oldingi “fizikaviy tadqiqot usullari”) fanidan telefonda yakuniy nazorat (imtihon) oldim. Imtihon ikki kun, ertalab soat 9:00 dan kechasi 10:00 gacha davom etdi. Talabalar Moodle masofaviy ta’lim tizimi orqali SamDUning elektron kutubxonasiga qo‘yilgan shu fanning materiallarini o‘qigan. Jami 76 talabadan 2 nafari telefon qilib ularning yashash manzilida internet va telefon aloqasi yomon ishlaganligi uchun materiallarni ololmaganligini aytdi, 3 nafar talaba telefon ham qilmadi.

Mustaqil o‘qishning natijasi qanday? Umuman aytganda, hozircha qoniqarli emas. Albatta, talabalarning orasida juda yaxshi o‘qiganlari ham bor. Lekin ularning soni oz. Pandemiya sababli masofaviy o‘qishning yaxshi-yomon tomonlari va kamchiliklarini ishga qaytganimizdan keyin muhokama qilib, xulosa chiqaramiz. Chunki bu ham kutilmaganda, nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo tarixida birinchi marta bo‘ldi. Men hozir imtihon vaqtidagi suhbatlarga asoslanib masalaning qolgan 1,5-2 oy uchun dolzarb tomonini aytmoqchiman.

Talabaning javobi qisqa va noaniq bo‘lgandan keyin men undan buning sababini ham so‘radim. Talabalarning bir qismi bunga sabab qilib uyda qishloq xo‘jalik ishlariga yordam berganini va shuning uchun o‘qishga vaqti yetmagani aytdi. Haqiqatan ham ularga erta bahorda qishloq xo‘jalik ishlari boshlanish arafasida javob berildi (16 martda). Tabiiyki ular bu ishlarda ota-onasiga faol yordam bergan.

Shu munosabat bilan men ota-onalarga va talabalarga murojaat qilmoqchiman:

Aziz ota-onalar! Talabalar uylariga ta’tilga, dam olishga jo‘natilgani yo‘q. Sababini yaxshi bilasiz. Oliy ta’lim vazirligi oliy o‘quv yurtlari bilan birgalikda imkon darajasida masofaviy ta’lim tizimini yo‘lga qo‘ydi. Qo‘l telefonlari va shaxsiy kompyuterlar orqali undan foydalanish mumkin. Hozir talaba o‘zi o‘qiydigan oliy o‘quv yurtining ixtiyorida, o‘qish davom etayapti, tugagani yo‘q. Turli xil sinovlar, imtihonlar endi boshlanadi. Shuning uchun, Sizlardan iltimos, farzandlaringizga uyda o‘qishi uchun vaqt va sharoit yaratib bering. O‘qish shaharda, binoning ichida bo‘ladi, deb o‘ylasangiz xato qilasiz.

Dunyoning ilg‘or mamlakatlarida bunday o‘qish turi yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘ldi. Ta’lim tizimi va internet rivojlangan mamlakatlarda asosan mustaqil o‘qish orqali chuqur bilim olishadi. Bizda ham 2 yil oldin mustaqil ta’lim tizimiga o‘tish boshlandi. Shuning uchun 1 va 2-bosqich talabalari haftada 5 kun o‘qiydi, sinfda o‘qitish soatlari kamaytirilayapti. Mustaqil ta’limga yanayam ko‘proq vaqt ajratish maqsadida keraksiz fanlar qisqartirilyapti. Demak, bilim olishda mustaqil ta’limning ahamiyati juda katta.

Farzandlaringizning savodli bo‘lishida Sizning o‘rningiz ham beqiyos. Karantin vaqtida esa o‘qish uchun uyda normal sharoit yaratib berish va undan unumli foydalanishda ko‘maklashish, kerak bo‘lsa, nazorat qilish hozir to‘lasincha Sizlarning zimmangizda. Bilim olish muhim bo‘lganligi uchun hozirgi rahbariyat o‘quvchilarni va talabalarni, hatto, paxta terimidan butunlay ozod qildi. Siz ham farzandlaringizni qishloq xo‘jalik ishlaridan hech bo‘lmasa, haftasiga 4-5 kunga ozod qiling. Yuqorida aytganimday, talaba hozir oliy o‘quv yurtining ixtiyorida, o‘qish davom etayapti.

Abdulla QUVVATOV,

SamDU dotsenti.