Talabalar turar joylari yil yakuniga qadar foydalanishga topshiriladi
Biroq SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali vaziyatni sukut saqlab kuzatishni ma’qul ko‘ryapti.
“Samarqandda qurilayotgan talabalar turar joylari belgilangan muddatda foydalanishga topshiriladimi?” maqolasida tilga olingan oliy o‘quv yurtlari haqiqiy holat yuzasidan o‘z munosabatlarini bildirdi.
Misol uchun, Samarqand iqtisodiyot va servis institutidan ma’lum qilishlaricha, oliy o‘quv yurtida davlat xususiy sherikligi asosida 2 ta talabalar turar joyi qurilishi belgilangan.
Xususan, Samarqand shahar, Ro‘dakiy ko‘chasi, 229-uy manzilida “Samarqand Sheben klass” MChJ tomonidan 240 va 600 o‘rinli talabalar turar joyini qurish loyihasi qilindi. Hozirga qadar korxona o‘z mablag‘lari hisobidan 8,3 mlrd. so‘m investitsiya kiritib, yotoqxonaning 240 o‘rinli qismini foydalanishga topshirdi. Qolgan qismi joriy yil yakuniga qadar foydalanishga topshirishi rejalashtirilgan.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida esa 2022-2025 yillar davomida 3 ta 1200 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi bildirilgan.
Buning uchun universitet hududidan 0.45 gektar yer maydoni ajratilib, 400 o‘rinli (1-bosqich) va 350 o‘rinli (2-bosqich) talabalar turar joyi qurilish ishlari olib borilmoqda.
Ayni kunda mazkur qurilish ishlarining 23 foizi bajarilgan. 2,95 mlrd. so‘m mablag‘ sarflanib, eng muhim va asosiy ish - yerto‘la qismi to‘liq bitkazilib, 1-qavat regellar va ustunlar quyilish ishlari bajarilmoqda.
Bino joriy yil oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti davlat xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur ob’yekt qurilishi Sartepa maskani Turkiston ko‘chasi 12-uyda joylashgan Samarqand turizm va madaniy meros texnikumi hududida reja-jadval asosida amalga oshirilmoqda.
Ya’ni, ushbu loyihani amalga oshirish bo‘yicha tashabbuskor ”Z-P-A” oilaviy korxonasi hamda universitet o‘rtasida belgilangan tartibda joriy yilning 12 iyun kuni bitim rasmiylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 5 qavatli talabalar turar joyi binosining 3-qavatini qurish ishlari davom etmoqda.
Talabalar turar joyini topshirish dekabr oyida belgilangan. Binoni qurib bitkazish hamda jihozlash ishlari noyabr oyi oxiriga qadar yakunlanishini rejalashtirilgan.
SamDU Kattaqo‘rg‘on filialidan ma’lumot ololmadik.