Ta’lim krediti: talabaning bankka murojaati qancha vaqtda ko‘rib chiqilishi kerak?
Bu savolga Markaziy bankning Samarqand viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Suvonqulov tomonidan viloyat Matbuot uyida o‘tkazilgan anjumanda javob berildi.
Sh.Suvonqulovga ko‘ra, bugungi kunda talaba ma’lum bir bankka ta’lim krediti so‘rab hujjatlarni taqdim etgach besh kun ichida javob berilishi shart.
– Mazkur tartib joriy yildan boshlab kuchga kirdi, ilgari esa bu muddat o‘n kunni tashkil etardi, – deydi Sherzod Suvonqulov. – Aksariyat banklarda ta’lim krediti uchun 27 million so‘mgacha bo‘lgan kredit uchun garov talab etilmaydi. Ayrim banklarda esa bu summa 40 million va undan ham ziyodni tashkil etadi. Xullas, talabaga ta’lim krediti uchun belgilangan rasmiy hujjatlar va yuridik yoki jismoniy shaxsning kafilligi kifoya qiladi.
Ta’kidlanishicha, endilikda kredit uchun ariza bergan talaba kafillik qiluvchi shaxsning daromadlari haqida ham ma’lumot topshirish talab etilmaydi. Kafillik qiluvchining pasport yoki ID-kartasi nusxasi kafillikni rasmiylashtirish uchun yetarli.