Taraqqiyotga kimlar xalal bermoqda? 32 nafar mas’ul xodim ma’muriy javobgarlikka tortildi

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan aholi va tadbirkorlarning og‘irini yengil qilish, ularning vaqti va naqdini tejash orqali davlat xizmatlari ko‘rsatish maqsadida Davlat xizmatlari agentligi tashkil etilgan, deb yozmoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Davlat xizmatlari agentligining xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda joylardagi Davlat xizmatlari markazlari orqali 100 dan ortiq davlat xizmatlari samarali xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

Qayd etilishicha, ushbu tizim aholi va davlat xizmati ko‘rsatuvchi idoralar uchun ham yangilik bo‘lgan, unga moslashish, ko‘nikish uchun vaqt talab etilishi vakolatli idoralar tomonidan davlat xizmatini o‘z vaqtida va sifatli ko‘rsatishga to‘siq bo‘lmoqda.

Tahlillar natijasi, eng ko‘p qonun buzilish holatlariga kadastr, qurilish idoralari, hokimliklar va kommunal xo‘jalik tashkilotlari tomonidan yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatmoqda. Ushbu holatlarni bartaraf etish va mazkur holatlar takrorlanishining oldini olish maqsadida Agentlik tomonidan tegishli huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida viloyatimiz bo‘yicha qo‘llanilgan huquqiy ta’sir choralari natijasida 161 nafar shaxs ma’muriy va 17 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Vakolatli idoralarning aksariyat mas’ul xodimlari qo‘llanilgan choralardan o‘zlariga tegishli xulosa chiqargan holda fuqarolarning murojaatlarini o‘z vaqtida hal etib, sifatli davlat xizmati ko‘rsatishmoqda. Biroq, davlat xizmati ko‘rsatishda belgilangan tartibga qayta-qayta rioya etmayotgan xodimlar ham uchramoqda.

O‘tgan davr mobaynida davlat xizmatini ko‘rsatishda takror va takror qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan vakolatli idoralarning 32 nafar mas’ul xodimi ikki yoki uch martadan ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Jazo choralari qo‘llanilgan rahbar kadrlar viloyatimizning Samarqand shahar, Oqdaryo, Jomboy, Pastdarg‘om, Samarqand, Urgut, Qo‘shrabot va Bulung‘ur  tumanlarida ko‘pchilikni tashkil etmoqda.