Tarix sabog‘i: «Xalqlar otasi o‘g‘li»ning qismati

«Xalqlar otasining o‘g‘li» Vasiliy Stalin tug‘ilgan kunga yuz yil to‘ldi. 1953 yilda otasining o‘limidan bir necha oy o‘tgach, Xitoyga qochishga urinishi barbod bo‘lib, u qamoqqa olingandi. Nega?

Qo‘li ochiq bezori

Xalqlar dohiysining kichik o‘g‘lining shaxsi ziddiyotlar va jumboqlarga to‘la mish-mish va afsonalarga mavzu bo‘lgan. Ma’lum bo‘lgani shuki, Stalin birinchi nikohidan tug‘ilgan o‘g‘li Yakovni yoqtirmagan. Svetlana va Vasiliyga esa mehribon bo‘lgan.

Biroq Stalin hayotligida uning kichik o‘g‘li Vasiliyning rasmiy mavqei, Harbiy havo kuchlarining futbol va xokkey jamoalariga homiyligidan tashqari, boshqa faoliyati “yetti muhr” ostida sir tutilgandi.

Dohiy o‘limidan so‘ng uning shaxsga sig‘inish siyosati qoralana boshlangach, Vasiliy Stalin ham iskanjaga tushdi. Publitsistlar uni aroqxo‘rlikda, bezorilikda, zo‘ravonlikda, manmanlikda ayblashdi. Uni mohir uchuvchiligi, ko‘ngilli bo‘lib urushga ketgani, jasorat ko‘rsatib beshta nemis samolyotini urib tushirgani, kamtarligi, qo‘li ochiqligi, topganini safdoshlari bilan baham ko‘rishi, hech qachon dunyoning oltidan bir qismiga hukmdor bo‘lgan otaning o‘g‘li ekanligini pesh qilmagani haqida esa gapirishmasdi. Shunday otaning o‘g‘li bo‘lganida boshqa odam o‘zini qanday tutardi?

Ota soyasida

Vasiliy ulg‘aygach, hayoti bevosita qudratli otasining hayoti bilan bog‘liqligini tushundi. Otam tirik ekan, men ham tirikman deya ta’kidlardi u.

Stalin davrida Vasiliyning mavqei keskin ko‘tarilib bordi. 21 yoshda polkovnik, 25 yoshda general-mayyor, 28 yoshda general-leytenant unvoniga ega bo‘ldi. Adolat yuzasidan aytish kerakki, bu mavqega qanday erishganligi, chiroyli pogonlar uchun kimdan minnatdorligiga qaramay, qo‘l ostidagilar uni chin dildan yaxshi ko‘rishardi. Dohiyning kichik o‘g‘li komandir sifatida o‘z ishini puxta bilar, vazifasini mas’uliyat bilan ado etardi. 1948 yilda u Harbiy havo kuchlarining Moskva okrugini boshqardi. To‘g‘ri, Vasiliy Stalinning xulq-atvorida kamchiliklar bor edi. Bazmlar va gusarlikka moyillik, betgachoparlik va oxir-oqibat ichkilikbozlikka olib keldi. Ba’zi laganbardorlarning unga parvonaligini Stalin bilgach, Vasiliyni ko‘char va ko‘chmas mulklar, moddiy imtiyozlardan mahrum qildi.

Bevaqt o‘lim

1953 yilning martida Stalin vafot etdi. Shu zahoti hokimiyat uchun kurash boshlandi. Vasiliy Stalin Xrushchev, Beriya, Malenkov yoki Bulganin tomonga o‘tishi mumkin edi. Ammo u ichkilikka mukkasidan ketdi. Mast paytida mamlakat birinchi shaxslarini otasini o‘ldirganlikda aybladi. Yosh general-leytenant ko‘p narsani bilar, biroq o‘zini tutolmas, baralla gapirardi. U juda xavfli bo‘lib qoldi. Shunda shafqatsiz qaror qabul qilindi. Vasiliy Stalin 1953 yil 28 aprelda qamoqqa olinib, boshqa ism-sharif bilan 8 yil qamoqqa hukm qilindi va Vladimir turmasiga tashlandi.

Unga qo‘yilgan ayblardan biri Xitoy elchixonasiga siyosiy boshpana so‘rab borgani bo‘ldi. Shunisi ajablanarliki, bu maslahatni unga otasi bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, o‘limigacha Stalin shaxsan o‘zi uni Xitoyga ketishga undagan. Faqat o‘sha yerda xatarsiz yashashini aytgan. XXR Harbiy havo kuchlarida qo‘mondonlik lavozimlaridan biri kelishib qo‘yilganini ta’kidlagan. Aftidan dohiy o‘limidan keyin o‘g‘lini tinch qo‘ymasliklarini sezgan, shekilli. Vasiliy Stalin Xitoy elchixonasiga borgach, u yerdan chiqmasligi kerak edi. U yerdan chiqishi bilan qamoqqa olinadi. U qamoq muddatini to‘liq o‘tadi. 1962 yilda ozodlikda 40 yoshida sirli ravishda o‘lim topdi.

«Mir novostey» (2020 y 43-son)dan T.ShOMURODOV tarjimasi.