Tarixdagi 10 ta eng mashhur sulolalar
Insoniyat tarixida o‘ziga xos iz qoldirgan ko‘plab oilaviy sulolalar yashagan. Quyida dunyo sivilizatsiyasiga sezilarli ta’sir o‘tkazgan hukmron oilalar haqida hikoya qilamiz.
1. Ptolemeylar oilasi (Misr)
Ptolemey Aleksandr Makedonskiyning lashkarboshisi bo‘lgan. Misr bosib olingach, hukmdor uni shu mamlakatga boshqaruvchi qilib tayinlagan. Aleksandrning o‘limidan so‘ng esa Ptolemey o‘zini Misr shohi deya e’lon qilgan. Shu kundan boshlab qadim ehromlar mamlakatida Ptolomeylar sulolasi hukmronligi boshlandi.
Mazkur sulola malika Kleopatra VII davrigacha, ya’ni rimliklar istilosigacha davom etgan. Aynan sohibjamol malika Rim sarkardalari Yuliy Sezar hamda Pompey, keyinchalik esa Mark Antoniy hamda Oktavianlar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik va siyosiy bo‘hronlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
2. Vindzorlar sulolasi (Buyuk Britaniya)
Vindzorlar oilasi a’zolari nafaqat Buyuk Britaniya (Shotlandiya, Angliya, Irlandiya)da, balki Belgiyada ham Sakson-Koburt-Got sulolasi sifatida (Birinchi jahon urushida mag‘lub bo‘lgan qirol Georg V ning barcha nemets unvonlaridan voz kechgunicha, Vindzorlar oilasi shunday deb atalgan) hukmronlik qilgan. Ingliz qirolichasi Yelizaveta II ning farzandlari eri, shahzoda Filipp Mauntbettenning nasabini olishlari shart edi. Ammo 1952 yilda bo‘lajak malika bundan so‘ng barcha merosxo‘rlar Vindzorlar sulolasi vakillari deb nomlanishi to‘g‘risida hujjatni imzoladi.
3. Minlar sulolasi (Xitoy)
Bu avlod yer sayyorasining 3/1 qismini egallagan mamlakatda 300 yil hukmronlik qilgan. Buyuk Min imperiyasi «Dehqonlar qo‘zg‘oloni» davrida mag‘lubiyatga uchragach, mamlakatga manchjurlar bostirib kiradi. Sulolaning asosiy markazi - Pekin qulagach, shohning ko‘p sonli farzandlari o‘zlarini Xitoyning yangi imperatorlari deb e’lon qilishadi. Ular o‘z nazoratiga olgan shaharlar Janubiy Min davlatiga birlashishdi. Ammo shahzodalarning o‘zaro kelishmovchiliklari tufayli yangi davlat ham manjurlar bosimiga chiday olmay qulagach, Xitoyda yangi Sin imperiyasi hukmronligi boshlandi.
4. Romanovlar sulolasi (Rossiya)
Golshteyn-Gottorp-Romanovlar sulolasi Rossiyada XVII asrgacha hukmronlik qilib kelgan. Bu sulola vakillari Rossiyaning davlat sifatida shakllanishi, hududining kengayishida muhim o‘rin tutgan. Bu avlod vakili Nikolay II - Rossiyaning so‘nggi imperatori hisoblanadi. 1917 yilgi Fevral revolyusiyasidan so‘ng u taxtdan qulaydi va 1918 yilda oilasi bilan birgalikda bolsheviklar tomonidan otib tashlandi.
5. Medichi oilasi (Italiya)
Medichilar oilasi Florensiyadagi eng boy va hurmatga sazovor sulolalardan hisoblangan. Chunki ushbu avlod vakillari orasidan bir necha taniqli hukmdorlar, uchta Rim Papasi chiqqan. Shuningdek, sulola Yevropadagi qator qudratli hukmron oilalar bilan yaqin qarindoshlik rishtalari bilan bog‘langan. Bundan tashqari, Medichi vakillari orasida bankirlarning ko‘pligi sabab sulolaning butun qit’aga ta’siri katta bo‘lgan.
Dinastiya a’zolari o‘rta asrlarda san’at, madaniyat va boshqa sohalarni rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan. Jumladan, Leonardo da Vinchi va Mikelandjelo kabi buyuk rassomlarga homiylik qilishgan. Medichilar tufayli Italiya Renessansi dunyoga kelgan.
6. Gandi-Neru siyosatdonlar avlodi (Hindiston)
Bu avlod vakillari Hindistonning siyosiy hayotida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Mustaqillik uchun kurashda xalqni birlashtirgan Javoxarlal Neru mamlakatning birinchi bosh vaziri bo‘lgan. Uning qizi Indira Gandi esa dastlab Kongress partiyasi raisligini egallagan, keyinroq esa otasi kabi Hindiston bosh vaziri bo‘ldi.
Indira Gandi 1984 yilda o‘z qo‘riqchisi tomonidan o‘ldirilgach, oilaviy ishlarni uning o‘g‘li Radjiv davom ettirdi. U ham 1989 yilgacha bosh vazir bo‘ldi. Afsuski, uning taqdiri ham onasidek bo‘ldi. Siyosatchi 1991 yilda terrorchi ayol tomonidan o‘ldirildi. Radjiv Gandining o‘limidan so‘ng uning bevasi partiya Kongressini boshqardi.
7. Chingiziylar imperiyasi (Mug‘uliston)
Chingizxon tarixda eng yirik imperiyaga asos solgan hukmdor sifatida tanilgan. Mug‘ul lashkarboshisi hayotlik vaqtidayoq Osiyo qit’asini katta qismini bo‘ysundirgan edi. Uning yuzlab ko‘chmanchi qabilalarni birlashtirgani tufayli kuchiga yanada kuch qo‘shildi. 1227 yilda Chingizxon o‘lgach, imperiya uning o‘g‘li Ugedey qo‘li ostiga o‘tdi.
Buyuk xonning avlodlari ko‘plab xalqlar va hududlarni bosib olib, birlashtirdi. Jahonning o‘nlab qudratli davlatlari Mo‘g‘ullar imperiyasiga vassal sifatida o‘lpon to‘lab turgan.
8. Plantagenetlar (jentelmenlar davri, Angliya)
Plantagenetlar sulolasi vakillari 1154-1458 yillar davomida Angliyani boshqarib kelgan. Ular mamlakatdagi shoirlar, me’morlar va boshqa ijodkorlarga homiylik qilib san’at va madaniyatni rivojlantirishga o‘z hissalarini qo‘shishgan. Aynan Plantagenetlar davrida ilk Angliya parlamentiga, Oksford va Kembridj kabi universitetlarga tamal toshi qo‘yilgan.
9. Ryurikovichlar oilasi (Rossiya)
Ryurikovichlar avlodining nasabi iqtidorli tadbirkor Ryurik tomonidan tarqalgan. Tarixchilarning fikricha, Novgorod aholisi unga shaharga knyazlik qilishga taklif qilishgan ekan. Aynan ushbu sulola vakillari tarqoq qabila va shaharlarni birlashtirib, buyuk davlatning vujudga kelishiga sabab bo‘lishgan. Ryurikovichlar Rossiyada IX-XVI asrlarning oxirigacha hukmronlik qilishgan. Ammo shoh Fedor I o‘limidan so‘ng sulola hukmronligi qulagan.
10. Rotshildlar - moliyachilar sulolasi (Avstriya)
Bu taniqli sulolaning vakillari hech qachon biror bir mamlakatda hukmronlik qilmagan bo‘lsa-da, ammo ayrim davlatlarning qirollariga nisbatan juda katta imkoniyatga ega bo‘lishgan. Ularning ko‘pchiligi taniqli jamoat arboblari va bank egalari hisoblanishgan. Moliyaviy qudratga ega bo‘lgan avlod silsilasi - zargarlik ustaxonasi xo‘jayini Amshel Mozes Bauerdan boshlangan. Uning o‘g‘li Mayer esa Rotshildlar sulolasining jahonda tanilishiga sabab bo‘ldi.
1816 yilda Avstriya qiroli Rotshildlarning mavqiyeni tan olib, ularga baron, keyinchalik Buyuk Britaniya qirolligi esa dvoryanlik unvoniga loyiq topishdi. Sulola vakillari o‘zlarining moliyaviy ahvoli haqida ko‘p gapirishmasa ham yiliga xayriya maqsadlarida ko‘p miqdordagi mablag‘ sarflashadi. Ma’lum bo‘lishicha, dunyoning eng sara va qimmatbaho san’at asarlaridan iborat kolleksiya ham aynan mazkur oilaga tegishli ekan.
Dilmurod TO‘XTAYeV tarjimasi.