Tarjimon diplomatiyani ham o‘rganadi

Bugun chet tillarini yaxshi biladigan yoshlar xalqaro sammitlar va konferensiyalarda tarjimon va volontyor sifatida faol qatnashmoqda. Jumladan, Samarqand davlat chet tillar instituti talabalari xalqaro delegatsiyalar bilan ishlash, muhim tadbirlarda tarjimon sifatida ishtirok etish orqali tajriba orttirmoqda.

4-5 aprel kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo - Yevropa Ittiffoqi” birinchi sammitiga 300 nafardan ortiq ko‘ngilli talabalarimiz jalb etildi. Qolaversa, 28 mart kuni viloyat hokimligi tashabbusi bilan Registon maydonidagi Ulug‘bek madrasasida “Ichki turizm yarmarkasi” tashkil etildi va ushbu tadbirda ham institutimiz talabalari ham faol ishtirok etdi.
Bu kabi xalqaro tadbirlarda talabalar turli mamlakat vakillari bilan suhbatlashadi va xalqaro muhitga moslashadi. Sinxron va ketma-ket tarjima amaliyoti orqali tarjima qilish ko‘nikmalarini oshiradi. Bunday tajribaga ega yoshlar xalqaro tashkilotlarda yoki diplomatik xizmatlarga ishga kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Asror YuSUPOV,
SamDChTI katta o‘qituvchisi.