Tashabbusli byudjetga fuqarolardan 3600 dan ortiq taklif bildirildi
Viloyat Matbuot uyida “Har bir tuman byudjetining kamida 5 foizini “Fuqarolar byudjeti” dasturiga ko‘ra aholining takliflari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflashni tashkil qilish” mavzusida matbuot anjuman o‘tkazildi. Anjumanda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov ma’lumot berdi.
- 2022 yildan boshlab barcha tuman (shahar)lar byudjetlari tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilangan, - deydi J.O‘roqov. - 2021 yil 1 iyuldan esa jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha mablag‘larining eng kam miqdori avvalgi 10 foizdan 30 foizga oshirildi. Ya’ni, tasdiqlangan byudjetning 5 foizi “Fuqarolar byudjeti” dasturi doirasida aholining takliflari asosida eng dolzarb muammolarni yechishga sarflansa, tuman (shahar)lar byudjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan yana 30 foiz mablag‘ “Fuqarolar byudjeti” dasturiga yo‘naltiriladi. Tashabbusli byudjet jarayoni mahalliy byudjet mablag‘larini aholini qiynab kelayotgan muammolarga, fuqarolarning byudjet jarayoni ishtirokini ta’minlashga va aholining o‘zi istagan tadbirni amalga oshirishga qaratilgan jarayon hisoblanadi. Bu jarayon openbudget.uz portali orqali 6 bosqichda amalga oshiriladi va yiliga 2 marta fevral va iyul oylarida o‘tkaziladi.
Misol uchun, o‘tgan yilda fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga jami 37,6 milliard so‘m mablag‘ o‘tkazilgan va fuqarolar tomonidan 2059 ta taklif tushgan. Ulardan 528 tasi ishchi komissiya tomonidan ko‘rib chiqilib, ovoz berish jarayoniga qo‘yilgan. Bu jarayonda 64 196 ovoz berilgan, shundan 96 ta taklif g‘olib topilib, moliyalashtirish uchun xalq deputatlari shahar, tuman Kengashlari sessiyalariga kiritildi.
Masalan, Narpay tumanidagi Qoraxitoy qishlog‘ida aholini bir necha yildan buyon ichimlik suv muammosi qiynab kelayotgan edi. Bu qishloq fuqarolari tomonidan kiritilgan taklif fuqarolar tashabbusi jarayonida g‘olib chiqdi va moliyalashtirish uchun 205 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Kattaqo‘rg‘on shahridagi 22-son davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga mebel jihozlari olib berish masalasi ham fuqarolar tashabbusi jarayoni orqali moliyalashtiriladi.
Joriy yilda tashabbusli byudjet jarayonining 1-bosqichida fuqarolar 3661 ta taklifni ilgari surib, hududiy ishchi komissiyalar tomonidan 1692 ta taklif ovoz berish jarayoniga o‘tkazildi. 1-bosqich yakunlariga ko‘ra, 209 ta taklif g‘olib deb topildi va ushbu tadbirlar uchun 114 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tashabbusli byudjet jarayonida fuqarolar tomonidan 2000 dan ortiq ovoz berilgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha ravishda Respublika byudjetidan viloyatimizning Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlariga jami 2,9 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.
G‘olib takliflarni moliyalashtirish bo‘yicha hududiy ishchi komissiyalar tomonidan manzilli dasturlar ishlab chiqildi va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida tasdiqlandi. Bugungi kunda barcha g‘olib takliflarni moliyalashtirish bo‘yicha viloyat moliya bosh boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi tomonidan nazorat ishlari olib borilmoqda.
O‘ktam Xudoyberdiyev.