Tashkent City hududidagi «Orifjon» jome’ masjidi buzilmaydi

Tashkent City hududidagi «Orifjon» jome’ masjidi buzilmaydi va ushbu masjid binosi rekonstruksiya qilishga tayyorlanmoqda. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Tashkent Sity direksiyasining xabar berishicha, bu borada dastlabki reja ishlab chiqilgan bo‘lib, keyinchalik O‘zbekiston Fanlar akademiyasining arxitektorlari va restavratorlari jarayonni kuzatib boradi.

Qayd etishlaricha, tegishli mutaxassislar 1915—1916 yillarda qurilgan «Orifjon» jome’ masjidi tashqi va ichki qiyofasidagi har bir detalni o‘rganib chiqqan va binoning intereri, tomi va gumbazlarini yaxlitlash va tiklash zarurligi haqida xulosa chiqargan.

«Restavratsiya ishi XX asr boshidagi me’morchilikning barcha xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsa, konsepsiyaga ko‘ra, masjid binosi xalqaro ishbilarmonlik markazining umumiy ko‘rinishiga mos bo‘lishi kerak», — deyiladi xabarda. Ayni paytda olimlar ish loyihalarini tayyorlamoqda.