TATU Samarqand filiali talabalaridan tarkib topgan jamoalar umumiy jamg‘armasi 1,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan tanlovda ishtirok etyapti

Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’lim, ilm-fan va talabalar startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda ular o‘rtasida sohaviy musobaqalarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi, sovrin jamg‘armasi 1,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan “TUIT Bright Future Week” haftaligi davom etmoqda.

Universitetning Samarqand filialida talaba-yoshlari ham mazkur tanlovda ishtirok etmoqda.

Mazkur haftalik doirasida "United Clean Coders" (UCC) xakatoni ham o‘tkazilmoqda. Xakatonda Respublikamizdan O‘zbekiston milliy universiteti,  INHA, Alfraganus, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti kabi 13 ta oliy ta’lim muassasalarining talabalaridan 96 ta ishtirokchi 32 ta jamoa bo‘lib ishtirok etishmoqda.

“HACKATHON” - dasturchilar biror loyiha ustida ishlashi ko‘zda tutilgan tadbir ma’nosini anglatadi. Turli dasturiy ta’minotlar sohasi mutaxassislari bir-birlarini xabardor qilib, qaysidir muammo ustida ish yuritish maqsadida tashkil etiladigan tadbirdan iborat.

Tanlovda talabalar filial rasmiy veb-sayti uchun yangi loyiha ishlab chiqish, talabalar turar joyiga kirish va chiqishni nazorat qilish, axborot tizimi loyihasini ishlab chiqish, “Dekanat-talaba-ota-ona” muloqot tizimi uchun loyiha ishlab chiqish shartlari bo‘yicha bellashdi.

Tanlovda beshta jamoa loyihalari bilan qatnashdi. Musobaqaning saralash bosqichida “Build-Brain 1” jamoasi filialning rasmiy veb-sayti uchun yangi loyiha ishlab chiqish, “Isak Group” jamoasi “Dekanat-talaba-ota-ona” muloqot tizimi uchun loyiha ishlab chiqish, “Build-Brain 2” jamoasi talabalar turar joyiga kirish va chiqishni nazorat qilish loyihalari bo‘yicha g‘olib deb topildi. G‘olib jamoalar 2 million so‘mdan mukofot puli va sertifikatlar bilan taqdirlandi.

Ayni kunda filialning g‘olib jamoalari umumiy jamg‘armasi 1 milliard 200 million pul mablag‘i ajratilgan ushbu tanlovning keyingi bosqichida, ya’ni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ishtirok etyapti.

TATU Samarqand filiali axborot xizmati.