Samarqandda kiber jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan
Eng ko‘p jinoyat Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida sodir etilgan.
Bu haqda kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholini kiber olamdagi tahdidlardan xabardor qilishga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Respublikamizda joriy yilning 1 iyulidan 31 iyuliga qadar “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” (Cyber-month) doirasida tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimining raqamlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ansor Anvarov, viloyat IIB tezkor qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Azamat Yo‘ldoshev, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining mas’ul xodimi Shuhrat Mamadoliyev hamda OAV vakillari, boshqarma va tashkilotlar mas’ullari ishtirok etdi.
Dastlab kiberjinoyat turlari, keyingi vaqtda jinoyatchilar tomonidan keng qo‘llanilayotgan firibgarlik shakllari haqida tushuncha berildi.
- Kiberjinoyat qurboni bo‘layotganlarning aksariyatini yoshlar tashkil etmoqda, - deydi viloyat IIB tezkor qidiruv xizmati kiberxavfsizlik bo‘limi boshlig‘i Azamat Yo‘ldoshev. – Jumladan, viloyatda kiber jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 baravarga oshgan va aldov qurboni bo‘layotganlarning aksariyati 19-35 yoshdagi fuqarolardir. Ushbu firibgarliklar asosan uch xil usulda - telefonga maxfiy kod yuborish yoki bank xodimi sifatida “sms kodni olish” natijasida, chet eldan meros yoki jabrlanuvchiga noma’lum sharoitda yordam berish, moddiy yordam, onlayn kredit, yutuqli o‘yin g‘olibi kabi soxta aldov havolalar orqali hamda soxta onlayn birja va treyding orqali amalga oshirilgan. Xususan, viloyatda sodir etilgan kiber jinoyatlarning 40 foizi Samarqand shahrida 17-35 yosh tofasida, 30 foizi Kattaqo‘rg‘on shahar, Samarqand, Past Darg‘om va Urgut tumanlarida 35-45 yosh toifasida, 20 foizi boshqa tumanlarda 45 yoshdan yuqori yosh toifasida kuzatilgan.
Matbuot anjumanida bu kabi jinoyatlarning oldini olish, aholi o‘rtasida targ‘ibot tadbirlarini kuchaytirish maqsadida bir qator tanlovlar e’lon qilingani ma’lum qilindi.
- Axborot texnologiyalari asrida kompyuter va raqamlashtirilgan turli xil texnikalar rivojlangani sari bundan g‘arazli maqsadda foydalanuvchilar ham ortib bormoqda, - deydi Ichki ishlar vazirligi kiberxavfsizlik markazining mas’ul xodimi Shuhrat Mamadoliyev. – Bu kabi jinoyatlar jabrlanuvchilarning o‘z harakatlari natijasida sodir etilmoqda. Ya’ni, ijtimoiy tarmoqlarda oson pul topish, shaxsiy ma’lumotlarini oshkor qilish, bank kartasi kodini himoyalamaslik, telefoniga zararli mobil ilovalarni o‘rnatish, ijtimoy tarmoqlarda turli bonusli va konkursli o‘yinlarda qatnashish bunga sabab bo‘lmoqda.
“Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida kiber jinoyatlarning oldini olish hamda ogohlikni oshirish maqsadida «Mahallabay» va «Xonadonbay», ta’lim dargohlari va barcha hududlarda internetdagi tahdidlardan ogohlantiruvchi targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish rejalashtirilgan. Xususan, tadbir davomida yoshlarni kibertahdidlardan saqlash maqsadida “Eng yaxshi mahalla”, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman”, ta’lim muassasalarida “Eng yaxshi insho”, “Sportli dasturlash”, "Eng yaxshi ommabop videokontent” va turli chellenjlar o‘tkaziladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.