Prezident va SSV nomidan soxta veb-resurslar ochib, bank kartalaridan mablag‘larni yechib olgan firibgarlar aniqlandi

Internet-firibgarlari tomonidan fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pul mablag‘larini turli xil noqonuniy uslublar yordamida talon-toroj qilish holatlari kuzatilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida jinoyatchilar Prezident adminstratsiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytlariga o‘xshash bo‘lgan soxta veb-resurslar ochib olgan. Shu orqali fuqarolardan bank plastik karta ma’lumotlarni taqdim etilishiga erishib, plastik kartalardan mablag‘larni o‘zlashtirib kelayotganligi aniqlangan.

Xususan, «Telegram» ijtimoiy tarmog‘idagi bir qator guruh va kanallarda Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan COVID-19 virusiga qarshi vaksinatsiyadan o‘tgan fuqarolar bir marotabalik 750 ming so‘m pul mablag‘larini berishga oid «feyk» xabar tarqatilib, ushbu xabar ostiga biriktirilgan havolaga kirilganida, 750 ming so‘mni olish ilinjida bo‘lgan foydalanuvchilardan bank plastik karta rekvizitlari hamda SMS-xabarnomada ko‘rsatilgan maxfiy kod-raqam so‘ralayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan ijtimoiy va demografik holatni yaxshilash uchun farzandi bor oilalarga bir marotabalik 650 ming so‘m pul mablag‘larini moddiy yordam sifatida berishga oid qonun kuchga kirganligi to‘g‘risidagi “feyk” xabar tarqatilganligi, xabar ostidagi havolaga kirilganda 650 ming so‘m olishga erishish uchun foydalanuvchidan o‘z bank plastik karta raqamlarini hamda SMS-xabarnomada ko‘rsatilgan maxfiy kod so‘raladi va «ehtiyojmand mijoz» ushbu ma’lumotlarni kiritgach, plastik kartasidagi mavjud pul mablag‘laridan mahrum bo‘lishi aniqlandi.

Tezkor tadbirlar natijasida, "feyk" xabar ta’siriga tushgan  fuqaroning 7,5 mln. so‘m pul mablag‘lari Toshkent shahrida yashovchi 2000 yilda tug‘ilgan Rustamov Islom (ismlari o‘zgartirilgan) tomonidan firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirilganligi aniqlanib, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

"Katta miqdordagi mablag‘ga ega bo‘lish istagida bo‘lib, sizga sms-xabarnoma orqali kelgan tasdiqlash kodini «feyk» resursga kiritishingiz bilan internet-firibgar tomonidan bank plastik kartangizni boshqarish huquqini qo‘lga kiritilishiga va undagi mablag‘larni noqonuniy ravishda egallanishiga shart-sharoit yaratgan bo‘lasiz.

Internet-firibgarlari tomonidan yaratilgan soxta veb-resurslarga kirib, yengil yo‘llar bilan daromad topish to‘g‘risidagi yolg‘on xabarlarga ishonib qolmang", deyiladi IIV xabarida.