DXX kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanmoqda

Oliy Majlis Senating yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qonun 8 ta bob va 40 ta moddadan iborat bo‘lib, ularda Qonunning maqsadi, vazifalari, asosiy tushunchalar, kiberjinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashishning prinsiplari, yo‘nalishlari, usullari, mas’ul davlat organi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari bo‘yicha choralar ko‘rish hamda xalqaro hamkorlik masalalari nazarda tutilmoqda.

Jumladan, Qonunning maqsadi mamlakatimizda kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, uning asosiy vazifalari kibermakonda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish hisoblanadi.
Qonunda kiberjinoyatchilik, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kiberhimoya va kiberhujum kabi tushunchalar qo‘llanib, kiberxavfsizlikni ta’minlashning asosiy prinsiplari va bu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilanib, uning huquqlari va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, Qonun davlat organlari va tashkilotlarining kiberxavfsizlikni ta’minlash borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutadi.
Shu bilan birga, Qonun bilan kiberxavfsizlik sub’yektlarining huquq va majburiyatlari, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan majburiy tartibda yoki kiberxavfsizlik sub’yektlarining tashabbusiga ko‘ra amalga oshirilishi belgilab berilmoqda.
Qonunda kiberjinoyatchilik hodisalarini tekshirish, choralar ko‘rish, sodir bo‘lgan hodisalar to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilishga qaratilgan qator chora-tadbirlar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi:
Birinchidan, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi;

Ikkinchidan, kiberxavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish, huquqiy, tashkiliy, ilmiy-texnik va me’yoriy uslubiy ta’minot tizimini takomillashtirishga, axborot tizimlari va resurslarining yaxlitligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shadi;

Uchinchidan, ruxsatsiz harakatlar, axborotni yo‘q qilish, o‘zgartirish, buzish, nusxalash, bloklash va mamlakatning axborot tizimlari
va tarmoqlariga noqonuniy aralashishning boshqa shakllarining oldini olishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.